Ekin ekiladigan tuproq necha xil tahlildan oʻtkazilishini bilasizmi?
Tuproqning hosildorligini, namligini, kimyoviy tarkibini va boshqa jihatlarini oʻrganish uchun 20 ga yaqin tahlil oʻtkazish talab qilinadi. Bu tahlillar natijalariga qarab tuproqqa ishlov berish, ekin ekish, sugʻorish usullarini belgilab olsa boʻladi. Shu tariqa dehqonchilikda yaxshi hosildorlikka erishiladi va tuproqqa kamroq zarar yetkaziladi.
Oldinlari tuproqni tahlildan oʻtkazish uchun uning namunasini laboratoriyaga joʻnatish talab qilingan. Namuna oʻrganilishi esa ancha vaqt va pul talab qilgan. Aslida tuproqni laboratoriyaga olib borish ham vaqt va pul ketkizish degani.
Ammo endi zamon oʻzgardi. Ilm-fandagi oʻsish tufayli yangi texnologiyalar ishlab chiqildi. Bugun shunday texnologiyalar borki, tuproqni joyida tahlil qilib, bir necha daqiqada natijaga erishish mumkin.
Ana shunday texnologiyalardan biri Germaniyaning Stenon tizimidir. Bu sensorli texnologiya boʻlib, koʻp vaqt va xarajat talab qilmaydi. Shunchaki dalaga borib, tuproqni tahlil qilib, bir zumda natija olish mumkin. Ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, texnologiya 3 daqiqada 19 ta tahlil oʻtkazish imkonini beradi.
Ushbu texnologiya endi Oʻzbekistonda ham bor. Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga yaqinda Germaniyadan Stenon texnikalari olib kelindi. Ekspertlar Stenon tizimi, Oʻzbekistonda dehqonchilikni ancha osonlashtirishini, hosildorlikni oshirishini kutmoqda. Yaqin kelajakda oʻzbek dehqon-fermerlari ekin yerlarining tuprogʻini joyida, nechchi marta kerak boʻlsa, shuncha tekshirish imkoniga ega bo’ladi.