Qishloq xo‘jaligi uchun mas’uliyatli palla boshlandi.
Qishloq xo‘jaligi uchun mas’uliyatli palla boshlandi. Har bir amalga oshirilgan ish kelajakdagi hosil sifati va miqdoriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Buni chuqur anglagan Namangan viloyati Kosonsoy tumani fermerlari yelkama-yelka berib, mavsumiy ishlarga kirishib ketishgan.
Ayni kunlarda tumandagi paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida 2025-yil hosili uchun chigit ekishga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda. Yerlar boronalash, o‘g‘itlash va pushta olish orqali ekishga tayyor holga keltirilgan.
Endilikda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida plyonka ostiga, 76 sxemada, qo‘shqator usulida chigit ekish ishlari olib borilmoqda. Ushbu innovatsion yondashuv hosildorlikni oshirish va yer unumdorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Joriy yilda tumanda 3204 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 1906 gektariga plyonka ostida ekish amalga oshiriladi. Umumiy hisobda 10990 tonna paxta xomashyosi yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu maqsadga erishish uchun 13 ta yer tayyorlash va ekish otryadi, 1 ta urug‘lik chigit tarqatish shoxobchasi, 180 ta texnika va agregatlar hamda 30 nafardan ortiq mutaxassislar jalb qilingan.
Bundan tashqari, g‘alla maydonlarida begona o‘tlarga qarshi gerbitsid, fungitsid va suspenziya sepish, o‘g‘itlash, ariq-zovurlarni tartibga keltirish va betonlash, dala chetlariga tut hamda tok ko‘chatlari ekish kabi agrotexnik tadbirlar ham qizg‘in davom etmoqda.