Gʻijduvonda gʻalla oʻrim-yigʻimi ayni qizgʻin pallada davom etmoqda.
Buxoro viloyatining o’tgan yilgi dehqonchilik mavsumida Gʻijduvon tumanida 286 ta paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi 9 300 gektar maydonda paxta, 5246 gektar yerda gʻalla yetishtirilgan.
Sidqidil mehnat tufayli hududda 27 ming tonnadan oshiq sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo—paxta yetishtirilgan boʻlsa, elimiz rizq-roʻzi manbai—gʻalla hosilidan 34 ming tonnadan oshiq sara bugʻdoy xirmoni bunyod qilingan. Hozirda Gʻijduvonda ham gʻalla oʻrim-yigʻimi ayni qizgʻin pallada davom etmoqda.
Hudud gʻallakorlari joriy yilda jami 37 ming tonna don yetishtirib, uning 15 ming 748 tonnasini shartnomaga asosan, buyurtmachi hamkorlarga yetkazib berishni koʻzlaganlar. Qolgan sara bugʻdoy esa fermer xoʻjaliklari va ular mehnat jamoalari, oʻnlab, yuzlab oilalar moddiy manfaatdorligiga xizmat qiladi.
— Xoʻjaligimiz urugʻlik don yetishtirishga ixtisoslashgan, – deydi “Rustam Fayz” fermer xoʻjaligi rahbari Rauf Rustamov. — Tajribadan maʼlum boʻldiki, dalaga bir xil navni ekish yuqori samara bermas ekan. Shuning uchun ham biz bu yil “Starshina” oʻrniga hosildorligi va boshqa xususiyatlari sinovdan oʻtgan “Alekseevich” urugʻini ekib yetishtirdik. Marrani katta olganmiz. Agar oʻtgan yili har gektar maydondan oʻrtacha 72 sentner hosil koʻtargan boʻlsak, joriy yilda bu miqdorni 80 sentnerdan oshirish harakatidamiz. Buning uchun, albatta, bor kuch va imkoniyatimizni hal qiluvchi oʻrim-yigʻim pallasini yuqori surʼatda sifatli oʻtkazishga qaratmoqdamiz.
Hududlarda gʻalla oʻrimini sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Zarafshon mahallasidagi “Xurshidbek Mashhura” fermer xoʻjaligida zamonaviy texnikalar yordamida gʻalla oʻrim-yigʻim ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Har bir gektardan yuqori hosil olish maqsad qilingan. Fermer xoʻjaligi rahbari B.Qurbonov va biriktirilgan otryad masʼullari taʼkidlashicha, belgilangan rejalar toʻliq bajarilishi taʼminlanadi. Dehqon va mexanizatorlar jamoasi dalada oʻzaro jipslashib, uyushgan holda samarali mehnat qilayotgani hademay mehnat muvaffaqiyatini taʼminlaydi.