Namanganda g‘alla mavsumining ilk yutuqlari: texnika va mehnat uyg‘unligi.

🌱 Namangan viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi qizg‘in davom etar ekan, bir qator fermer xo‘jaliklari davlat xaridi bo‘yicha belgilangan rejalarni muddatidan oldin va ortig‘i bilan bajarmoqda. Bunda zamonaviy, yuqori unumdor kombaynlar va qishloq xo‘jaligi texnikalarining samarali ishlatilayotgani muhim omil bo‘lmoqda.

✅ Jumladan, Chust tumanidagi “Azamat Aziz” fermer xo‘jaligi tumanda birinchilardan bo‘lib g‘alla topshirish rejasini muvaffaqiyatli ado etdi. 8 gektar maydonda yetishtirilgan hosildan 34 tonna don topshirildi.

🌿 Uychi tumanidagi “Zarnigor Guliston fayz” fermer xo‘jaligi ham yuqori natijalarni qayd etib, 24 gektar maydondan 122 tonna hosil yig‘ib oldi va davlat xaridi uchun 84 tonna g‘alla topshirdi. Ayni paytda maydonlarda takroriy ekinlar uchun yer tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

🗣Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Qo‘g‘ay tola Rahimjon” fermer xo‘jaligi ham birinchilardan bo‘lib davlat xaridi rejasini ortig‘i bilan bajardi. 35 gektar maydonda yetishtirilgan hosildan belgilangan 149 tonna rejaga nisbatan 154 tonna don hosili davlatga topshirildi. O‘rim ishlari davom etayotgani esa qo‘shimcha hosil olish imkoniyatini saqlab qolmoqda.

🚜 Ta’kidlash joizki, g‘alla o‘rim-yig‘imi jarayonlarida “O‘zagrolizing” AJ tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy kombayn va qishloq xo‘jaligi texnikalari samarali xizmat qilmoqda. Ushbu texnikalar hosilni qisqa muddatlarda, sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ib olishda muhim ahamiyat kasb etib, fermerlarning mehnat unumdorligini oshirmoqda.

💬 Mazkur natijalar dehqonlar, mexanizatorlar va soha mutaxassislarining fidokorona mehnati hamda zamonaviy texnikalardan oqilona foydalanish samarasidir. Viloyat bo‘ylab g‘alla o‘rim-yig‘imi uyushqoqlik bilan davom etmoqda va don xirmonini yanada boyitish yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda.

Loading

//