Lizing sohasi bo‘yicha eng ko‘p beriladigan 10 ta savolga javob

 

1. Lizing foizi yillik necha foizni tashkil etadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.11.2000 yildagi 424-sonli “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlashni chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq lizing kompaniyasi daromad foizining imtiyozli stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining                        50 foizidan yuqori bo‘lmasligi belgilangan.
Hukumatning mazkur qarori talabiga muvofiq imtiyozli shartlarda lizingga yetkazib beriladigan texnikalarni sotib olishda, mazkur texnika qiymatining 80 foizini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilishi belgilangan.
Imtiyozga tushmaydigan turdagi qishloq xo‘jalik texnikalarini lizingga berishda Jamiyatning lizing xizmati bo‘yicha yillik daromad foizi lizing loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklaridan jalb etiladigan resurs mablag‘larining arzon yoki qimmatligi darajasiga qarab belgilanadi.
Qarang:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.11.2000 yildagi  424-sonli “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 5-bandi, 3-xatboshi qismi.

 2,352 umumiy ko'rishlar,  24 bugungi ko'rishlar

2. Lizing muddati necha yilni tashkil etadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.11.2000 yildagi 424-sonli “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq lizing muddati “fermer, dehqon xo‘jaliklari uchun 10 yil, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar uchun 7 yil” muddatni tashkil etishi belgilangan.
“O‘zagrolizing” AJ tomonidan banklardan jalb etilgan tijorat krediti hisobiga moliyalashtirilayotgan lizing loyihalari bo‘yicha lizing muddati kreditning berilish muddatiga bog‘liq ravishda 13 oydan 60 oygacha etib belgilanishi mumkin.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida”gi Qonuni                 2-moddasiga ko‘ra, lizing muddatini 12 oydan ortiq bo‘lishi belgilangan.
Qarang:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.11.2000 yildagi 424-sonli “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 5-bandi, 3-xatboshi qismi;
O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida” Qonuni 2-moddasi.

 2,353 umumiy ko'rishlar,  25 bugungi ko'rishlar

3. Lizing oluvchi jismoniy shaxs bo‘lishi mumkinmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 588-moddasiga asosan “Iste’mol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing ob’ekti bo‘lishi mumkin …”, deb ko‘rsatilgan.
Qonunning mazkur moddasi talabiga muvofiq, jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil qilgani holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullansa, u holda o‘zlari tashkil etgan ana shu yuridik shaxs nomidan lizing oluvchi bo‘lishlari mumkin.
 

 2,354 umumiy ko'rishlar,  26 bugungi ko'rishlar

4. Toshkent shahridagi yuridik shaxs lizingga texnika olishi mumkinmi?

Javob:  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.11.2000 yildagi 424-sonli qarori 1-bandiga yangi zamonaviy g‘alla o‘rish kombayni va paxta terish mashinasini va ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorni qishloq xo‘jaligi korxonalari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga lizingga berish yo‘li bilan yetkazib berish belgilangan.
Agar Toshkent shahridagi yuridik shaxs yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yuridik shaxslar toifasiga kirsa, “O‘zagrolizing”  AJ xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

 2,355 umumiy ko'rishlar,  27 bugungi ko'rishlar

5. Respublika viloyatlarida lizing oluvchilar kimga murojaat qilishi kerak?

Javob: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida “O‘zagrolizing”  AJning hududiy filiallari tashkil etilgan bo‘lib, lizing oluvchilar bevosita hududiy filiallarga murojaat qilishlari mumkin.
Qarang:
Hududiy filiallar nomi va manzili.

 2,356 umumiy ko'rishlar,  28 bugungi ko'rishlar

6. Dastlabki to‘lov (avans) miqdori texnika qiymatining necha foizini tashkil etadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2015 yildan boshlab imtiyozli shartlarda lizingga yetkazib beriladigan traktorlar va o‘rim-yig‘im texnikasi qiymatining kamida 20 foizi avans sifatida lizing oluvchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga to‘lanadi.
“O‘zagrolizing”  AJ tomonidan banklardan jalb etilgan kredit mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilayotgan lizing loyihalari bo‘yicha avans miqdori lizing oluvchilar bilan kelishilgan holda texnika qiymatining 25-30 foizigacha belgilanishi mumkin.
Qarang:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 1-bandi, 2-xatboshi;

 2,357 umumiy ko'rishlar,  29 bugungi ko'rishlar

7. Hujjatlar rasmiylashtirilib, dastlabki to‘lov amalga oshirilgandan keyin texnika lizing oluvchiga qancha muddatda yetkazib beriladi?

Javob: Lizing ob’ekti hisoblangan texnikalarni yetkazib berilishi birinchi navbatda shu texnikani ishlab chiqaruvchi korxonaning faoliyatiga bog‘liqdir.
Ishlab chiqaruvchi qanchalik tez muddatda chet el (yoki ichki bozor)dan butlovchi mahsulotlar, metall va boshqa kerakli ashyolarni sotib olib o‘z ishlab chiqarish jarayonini to‘g‘ri tashkil etsa va texnikani ishlab chiqarsa uni lizing oluvchiga shunchalik tez muddatda lizingga yetkazib berish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xalqaro amaliyotda mizoj tomonidan ishlab chiqaruvchiga texnikani ishlab chiqarish uchun o‘rtacha 6 oydan 12 oygacha muddatda oldindan buyurtma berilib, avans to‘lovlari o‘tkazib beriladi.
Respublikadagi texnika ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari, ularni moliyalashtirish muddatlarini inobatga olgan holda hamda lizing oluvchi tomonidan avans to‘lovlarini lizing kompaniyasiga to‘lab berilishi muddatlarini e’tiborga olib lizing shartnomasi loyihasida:
avans to‘lovlari to‘liq to‘langan sanadan boshlab 90 kunlik muddatda texnika lizinga rasmiylashtirib berilishi belgilangan.
Agar, ishlab chiqaruvchida lizingga yetkazib beriladigan texnika tayyor bo‘lsa hamda lizing oluvchi tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan barcha majburiyatlar (avans to‘lovini o‘z v aqtida va to‘liq to‘lanishi, lizing ob’ektini sug‘urtalab sug‘urta polisini taqdim etilishi, kafillik (yoki garov) ko‘rinishida ta’minlash berilishi va hokazo) to‘liq bajarilgan bo‘lsa, u holda lizing ob’ekti lizing oluvchiga tezkor ravishda yetkazib beriladi.

 2,358 umumiy ko'rishlar,  30 bugungi ko'rishlar

8. Texnikani lizing oluvchi manziliga olib ketilishi kim tomonidan amalga oshiriladi?

Javob: Texnika lizing oluvchining o‘zi tomonidan o‘z manziliga olib ketiladi.

 2,359 umumiy ko'rishlar,  31 bugungi ko'rishlar

9. Kompaniya tomonidan qaysi turdagi texnikalar lizingga yetkazib beriladi?

Javob: “O‘zagrolizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi va uning qoshida tuzilgan “O‘zmashlizing” MChJ tomonidan 120 xildan ortiq turdagi qishloq xo‘jalik texnikalari lizingga yetkazib beriladi.
Qarang:
Lizingga yetkazib beriladigan texnikalarning turi, rusumi va texnik ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumot sahifasi.

 2,360 umumiy ko'rishlar,  32 bugungi ko'rishlar

10. Lizingga olingan texnikani lizing muddati tugamasdan oldin ham mulk qilib olish mumkinmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasiga ko‘ra, lizing muddatini 12 oydan ortiq bo‘lishi belgilangan.
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, lizing to‘lovlari lizing oluvchining o‘z xohishiga ko‘ra  shartnomada ko‘rsatilgan muddatlardan avval to‘langan taqdirda, mulk huquqi lizing oluvchiga o‘tkaziladi. Bunda, agar shartnomada boshqacha shartlar belgilanmagan bo‘lsa, lizing to‘lovlarining oldindan to‘lanishi, shartnoma lizing summasi miqdorining o‘zgarishiga olib kelmaydi va lizing to‘lovlari shartnomada belgilangan miqdorda to‘liq to‘lanishi shart.
Qarang:
O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasi.

 2,361 umumiy ko'rishlar,  33 bugungi ko'rishlar

 2,351 umumiy ko'rishlar,  23 bugungi ko'rishlar