Thought of the Day
Classical Uzbek Melody (Cho'li Iroq)

Do‘konda odam ko‘p edi. Men ham navbatga qo‘shildim. Ammo shu payt bir ayol shoshib kirdida, meni turtib oldinga o‘tdi. Jahlim chiqdi, ammo o‘zimni qo‘lga oldim. Ayol darrov sotuvchi yigitdan sabzi so‘radi. Ammo boshqa xaridorga xizmat ko‘rsatayotgan yigit band bo‘lgani uchun javob bermadi. Shu payt tashqaridan oq xalat kiygan boshqa sotuvchi kirib keldi. Boyagi ayolning tanishi chog‘i, hol-ahvol so‘rab, sabzavotlar rastasiga boshlab keldi. Ayni asnoda peshtaxta ortidagi sotuvchi yigit menga yuzlandi:
– Keling, sizga nima beray?
– Bir kilo sabzi bering, sarig‘idan.
– Bir kilo chiqmaydi, hammasini tortib beraveramanda!
U menga sabzi tortarkan, peshtaxta ortiga o‘tgan narigi sotuvchi yelim xaltalardan birini olib, boyagi ayolga savol nazari bilan qaradi. Sariq sabzi! hukmron ohangda gapirdi ayol.
– Sarig‘i qolmabdiku, Munira opa. Qizili bo‘lmaydimi?
– Yo‘q! deya ayol jahl bilan menga qaradi.
Xuddi men uning navbatini olib, sabzisiz qoldirgandek. Yana qo‘pollik bilan meni turtib o‘tdi-da, tanishiga xayrni ham nasiya qilib tashqariga otildi. Uning qiliqlari ko‘nglimga og‘ir botdi. Ammo yana kuch bilan o‘zimni tutdim. Aniqrog‘i, qalbimda jilolana boshlagan hikmat nuri menga bir sirni shipshidi: Alloh senga buyurgan narsa urush-janjalsiz ham seniki bo‘ladi. Peshonangga yozilmagani uchun esa behuda jon kuydirma!
Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganim hayotingizda sodir bo‘lgan har ishga hikmat nazari bilan qarang. Shunda yashash ancha oson kechadi. Farzandingiz to‘kib yuborgan bir piyola choy uchun asabingizni buzib, o‘zingizni qiynamang. Demak, u sizga nasib qilmagan. Birovning mas’uliyatsizligi yoki beparvoligi sabab amalga oshmagan rejangiz uchun aybdorni qarg‘ab, gunohga botmang. Bu ishingizning bitish soati boshqa paytdga taqdir qilinganini o‘ylang. Shunday yashay olsak, uncha-muncha ko‘ngilxiralik, asabbuzarlikdan yiroq bo‘lamiz. Eng asosiysi, Haq taoloning taqdiriga rozilik bilan bo‘ysunganimiz uchun cheksiz savob qozonamiz, in shaa Alloh…
15.02.2023

