Paxta dalalarida qizg‘in palla: hosilning 3.4 million tonnasi yig‘ib olindi
Paxta dalalarida mehnat sur’ati tobora jadallashmoqda. Fermerlar, mexanizatorlar va terimchilar uchun mas’uliyatli pallada har bir kun, har bir soatning qadri katta. Dalalarda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish izchil davom etmoqda.
2026-yil 12-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 3,4 million tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu joriy yil hosili uchun belgilangan 4,5 million tonnalik shartnomaviy ko‘rsatkichning 76 foiziga teng.
Ayni paytda paxta dalalarida zamonaviy texnikalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bugungi kungacha 848 ming tonna paxta qo‘l terimi orqali yig‘ilgan bo‘lsa, 2,6 million tonna hosil yuqori unumli paxta terish mashinalari yordamida yig‘ib olindi. Ya’ni, umumiy terim hajmining 75 foizi mexanizatsiyalashgan terim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Terim mavsumida jami 3 mingga yaqin yuqori unumli paxta terish mashinasi ishga jalb etilgan bo‘lib, shundan joriy yil fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga “O‘zagrolizing” AJ orqali 957 dona zamonaviy paxta terish mashinalari yetkazib berildi.
Kunlik natijalar ham sur’at yuqori ekanini ko‘rsatmoqda: 12-oktyabr kuni mashinalar yordamida 147 ming tonna paxta terib olindi, bitta mashinaga o‘rtacha 50 tonnadan hosil to‘g‘ri keldi.
Rasmiy sahifalarimiz: www.uzal.uz | Telegram | Instagram | Facebook | YouTube