Farg‘onada zamonaviy paxta terish texnikalari yig‘ilmoqda.
Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyaning Farg‘ona viloyat filialida bo’lib mamlakatimiz paxtachiligida tub yangilik bo‘layotgan muhim loyiha bilan tanishdi.
Mazkur filial hududida “SvanFergana” kompaniyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan zamonaviy paxta terish moshinalarini yig‘ish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Rejaga ko‘ra, umumiy hisobda 300 dona texnika olib kelinishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 80 tasi to‘liq yig‘ib tayyor holga keltirilgan. Farg‘ona viloyatining o‘zida esa jami 130 dona texnikani yig‘ish rejalashtirilgan.
Yig‘ilayotgan ushbu zamonaviy texnikalar bir qator ustunliklari bilan ajralib turadi. Eng avvalo, paxtani toza, sifatli va zarar yetkazmasdan terib oladi. Eng e’tiborga molik jihati — bu texnikalar bir vaqtning o‘zida 500 nafar ishchining ishini bajara oladi. Bu esa paxta yig‘im-terimi mavsumida mehnat resurslaridan samarali foydalanish, inson resurslariga tushadigan bosimni kamaytirish va ayni paytda hosil yig‘imining tezkorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu texnikalarning yonilg‘i sarfi ham odatdagi texnikalarga nisbatan ancha tejamkor hisoblanadi. Bu esa amaliyotda xarajatlarning sezilarli darajada kamayishiga olib keladi, degani. Ushbu tejamkorlik elementi ekologik jihatdan ham muhim bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnikasining yashil texnologiyalar tamoyiliga mos ravishda takomillashtirilayotganidan dalolat beradi.
Ahamiyatli jihatlardan yana biri — bu texnikani boshqarish uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimi ham aynan shu yerda tashkil etilganidir. “O’zagrolizing” AJning hududida maxsus o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu darslar davomida ishtirokchilar texnikaning tuzilishi, ishlash prinsipi va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislar esa bevosita mazkur paxta terish moshinalarini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
Ushbu tashabbus nafaqat texnologik yangilanish, balki kadrlar salohiyatini oshirish va ilmiy-amaliy integratsiyani ta’minlash nuqtai nazaridan ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi yondashuvlar orqali qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, soha yanada raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga qaratilgan kuchli platformaga ega bo‘ladi.
Vazir o’z navbatida, ushbu loyihani yuqori baholab, sohaga zamonaviy texnikalarni keng joriy qilish, mahalliy yig‘uv tizimlarini rivojlantirish va kadrlar tayyorlashda tizimli yondashuv muhimligini ta’kidladi. Shu orqali yurtimiz paxtachiligida nafaqat miqdoriy, balki sifat jihatidan ham yangi bosqichga chiqish imkoniyati vujudga kelmoqda.