“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktyabrdagi 486-sonli Qarori asosida “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi nomi bilan tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 02-noyabrdagi 424-sonli qaroriga muvofiq Kompaniya faoliyati yanada kengaytirilgan hamda lizing loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida “Qishloq xo‘jaligini texnika bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil etilgan.
Shu bilan birga, mazkur qarorga asosan “Respublika qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasini lizingga olish tartibi” tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PF-4857-sonli Farmoniga muvofiq “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi nomi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PQ-2658-sonli qaroriga muvofiq esa “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati huquq va majburiyatlar bo‘yicha “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” ALK ning huquqiy vorisi etib belgilangan.
Xususan, “O‘zagrolizing” AJ tashkil etilganidan buyon o‘tgan 26 yil davomida jamiyatimiz tomonidan qariyb 100 mingdan ziyod 9 trln so‘mdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing asosida yetkazib berilgan bo‘lib, agrar sohani zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash orqali mexanizatsiya darajasini oshirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining lizing portfeli 2025-yil 1-dekabr holatiga 6 741 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 191 foizga o‘sgan (01.01.2025-yil 3 533,0 mlrd. so‘m) so‘mni tashkil etdi.
Muhtaram Prezidentimizning alohida e’tiborlari tufayli joriy yilda Jamiyat ustav kapitali 1 016 mlrd. so‘mga yetkazildi. Bu esa xorijiy moliya bozorlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘larni jalb etish hamda Jamiyat faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi (ustav kapitali o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 260 foizga o‘sgan (01.01.2025-yil 391,4 mlrd. so‘m)).
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2026-yil 1-yanvar holatiga barcha manbalar hisobidan 1 trln. 83 mlrd lizing to‘lovlari undirildi. Bundan tashqari, shu kunga qadar lizing loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat bankidan 45,0 mlrd. so‘m kredit jalb qilindi.
Mazkur jarayonda xalqaro moliya institutlari va yetakchi texnika ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikni kengaytirish muhim strategik yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Xususan, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati hamda “John Deere Finance” o‘rtasida 10 million yevro miqdoridagi moliyalashtirish liniyasini jalb etish bo‘yicha erishilgan kelishuv ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo’ldi.
Natijada esa “O‘zagrolizing” AJning qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalardagi ishtiroki va mablag‘larni o‘zlashtirishdagi faolligi Xalqaro moliya institutlari tomonidan yuqori baholandi.
Qishloq xo‘jaligida zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish jarayonlarida lizingga berilgan texnikalarning xizmati beqiyosdir.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan talabni qondirish, qishloq xo‘jaligini zamonaviy va resurstejamkor texnikalar bilan ta’minlashda lizing xizmatlari eng maqbul yechim sifatida o‘zining jozibadorligini ko‘rsatmoqda.
Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida katta imkoniyatlar yaratildi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishda moliyaviy mablag‘lari hal etilgan holda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Fermer, klaster va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga texnikalar bo‘yicha ko‘rgazmali seminarlar va yaratilgan imkoniyatlar targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi
Shuningdek, “Qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 20 fevraldagi PQ–78-son qarori qabul qilinishi natijasida, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish hajmini va mahalliylashtirish darajasini oshirish, texnikalarni hududlarga o‘z vaqtida yetkazib berish, korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy filiallari mavjud bo‘lib, lizing faoliyatini amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Jamiyat tomonidan asosan mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xususan “Toshkent Traktor Zavodi” AJ,“Toshkent Agro Traktor” MCHJ, Uz CLAAS Agro M QK, “AGRIXIM” QK MCHJ, Zavod ZKT MCHJ, “URGANCHKORMMASH” AJ, “Red Atlant” MCHJ, UzCaseMash MCHJ QK korxonalari texnikalarini lizing asosida yetkazib berishda hamkorlik qilib kelmoqda.
![]()
