Lizing — moliyaviy ijaraning alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi.
Lizing obyektlari – tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan isteʼmol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa koʻchar va koʻchmas mulk.
Lizing subyektlari – lizing beruvchi, lizing oluvchi va sotuvchi.
Qoʻshimcha lizing – lizing oluvchi lizing beruvchi oldida lizing shartnomasi yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan lizing obyektini lizing beruvchining yozma roziligi bilan vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun uchinchi shaxsga qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli. Qoʻshimcha lizing shartnomasining amal qilish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi – lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchi tomonidan sotib olingunga qadar lizing beruvchiga tegishlidir.
Lizing obyektini sugʻurtalash – nobud boʻlish, yoʻqolish, oʻgʻirlash, shikastlanish, buzilish va barvaqt eskirish xavfi bilan bogʻliq boʻlgan tarzdagi har qanday yetkazilishi mumkin boʻlgan zarardan lizing obyektini sugʻurtalash taraflarning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda, lizing oluvchi lizing obyekti sugʻurtasi uchun javobgar boʻladi.