Yugurganniki emas buyurganniki...
Do‘konda odam ko‘p edi. Men ham navbatga qo‘shildim. Ammo shu payt bir ayol shoshib kirdida, meni turtib oldinga o‘tdi. Jahlim chiqdi, ammo o‘zimni qo‘lga oldim. Ayol darrov sotuvchi yigitdan sabzi so‘radi. Ammo boshqa xaridorga xizmat ko‘rsatayotgan yigit band bo‘lgani uchun javob bermadi. Shu payt tashqaridan oq xalat kiygan boshqa sotuvchi kirib keldi. Boyagi ayolning tanishi chog‘i, hol-ahvol so‘rab, sabzavotlar rastasiga boshlab keldi. Ayni asnoda peshtaxta ortidagi sotuvchi yigit menga yuzlandi:
– Keling, sizga nima beray?
– Bir kilo sabzi bering, sarig‘idan.
– Bir kilo chiqmaydi, hammasini tortib beraveramanda!
U menga sabzi tortarkan, peshtaxta ortiga o‘tgan narigi sotuvchi yelim xaltalardan birini olib, boyagi ayolga savol nazari bilan qaradi. Sariq sabzi! hukmron ohangda gapirdi ayol.
– Sarig‘i qolmabdiku, Munira opa. Qizili bo‘lmaydimi?
– Yo‘q! deya ayol jahl bilan menga qaradi.
Xuddi men uning navbatini olib, sabzisiz qoldirgandek. Yana qo‘pollik bilan meni turtib o‘tdi-da, tanishiga xayrni ham nasiya qilib tashqariga otildi. Uning qiliqlari ko‘nglimga og‘ir botdi. Ammo yana kuch bilan o‘zimni tutdim. Aniqrog‘i, qalbimda jilolana boshlagan hikmat nuri menga bir sirni shipshidi: Alloh senga buyurgan narsa urush-janjalsiz ham seniki bo‘ladi. Peshonangga yozilmagani uchun esa behuda jon kuydirma!
Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganim hayotingizda sodir bo‘lgan har ishga hikmat nazari bilan qarang. Shunda yashash ancha oson kechadi. Farzandingiz to‘kib yuborgan bir piyola choy uchun asabingizni buzib, o‘zingizni qiynamang. Demak, u sizga nasib qilmagan. Birovning mas’uliyatsizligi yoki beparvoligi sabab amalga oshmagan rejangiz uchun aybdorni qarg‘ab, gunohga botmang. Bu ishingizning bitish soati boshqa paytdga taqdir qilinganini o‘ylang. Shunday yashay olsak, uncha-muncha ko‘ngilxiralik, asabbuzarlikdan yiroq bo‘lamiz. Eng asosiysi, Haq taoloning taqdiriga rozilik bilan bo‘ysunganimiz uchun cheksiz savob qozonamiz, in shaa Alloh…
15.02.2023
QARZ
Podshoh sayr qilib yurib, o‘z bog‘bonini uchratibdi.
– Aytingchi, odatda qilgan mehnatingizga qancha haq olasiz? – so‘rabdi undan.
Bog‘bon javob beribdi:
– Uch tilla tanga.
– Xo‘sh, so‘ng buncha pulni nima qilasiz?
– Bir tangani o‘zim uchun sarflayman. Bir tangani qarzimga to‘lab, yana bittasini qarz beraman.
– Tushunolmadim, – ajablanibdi podshoh. – Hammasini o‘zingizga sarflasangiz bo‘lmaydimi? Yaxshigina haq olarkansiz, sizga qarz berib, qarz to‘lash nimaga kerak?
– Nega bunday qilmayin ekan? Axir bu mening burchim.
– Ya’ni?
– Ya’ni, men bir tilla tangani ota-onam uchun, bittasini esa bolam uchun ishlatishim shart!
Shunda podshoh tabassum qilib, bog‘bonning xizmat haqini yanada oshirishlarini buyirgan ekan.
Siz-chi, qadrdon, qarzlarni vaqtida to‘lab, vaqtida beryapsizmi?
31.01.2023
NAHORGI OSH
“Agar o‘zbeklar boshqa ishlarga ham nahorgi oshga kelgandek birlashib yig‘ila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat bo‘lmas edi“.
Alixonto‘ra Sog‘uniy.
16.01.2023
TARBIYAT
Hayotingiz davomida shu kabi oilani kamida bir marotaba siz ham ko‘rgansiz deb umid qilaman.
Musulmonlar xalifasi Xorun ar-Rashid xalq hayotini o‘rganish uchun faqirona kiyinib, mol bozorini aylanib yursa, bir qassob qo‘yning bahosini so‘rabdi…
Sotuvchi qassobga: 20-tanga, debdi…
Qassob buni eshitib: Qo‘yingizning 14-kilo go‘shti, 4,5-kilo yog‘i bor. Uning narhi 15-tanga xolos, debdi va qo‘yni olmay ketibdi… Xalifa navkarlaridan biriga qo‘yni sotib olishni, ikkinchisiga qassob ortidan borishni buyuribdi. Bozordan qaytgach, o‘sha qo‘yni so‘yishibdi va qassob aytganidek, 14-kilo go‘sht va 4,5-kilo yog‘ chiqqanini ko‘rishibdi. Qassobni topib kelishibdi va unga yana ikki qo‘chqorni ko‘rsatib, qancha go‘sht va yog‘ borligini so‘rashibdi. Qo‘chqorlar so‘yilganidan so‘ng qassob aytgan yog‘-go‘sht chiqibdi. Xalifa qoyil qolibdi hamda undan dunyoviy va diniy ilmlardan so‘rabdi. Afsus, qassobning kallasi bu sohada bo‘m-bo‘sh edi… Shunda xalifa debdi.
– Ey qassobzoda! Nahot hayotni faqat qassobchilikda deb tushunsang? Qani senda vatanga muhabbat, xalqingga muhabbat? Nahot halol va haromning farqiga yetmasang! Halifa jar chaqirtirib, e’lon qilibdi:
– Ushbu qassob shuncha zehni, shuncha ilmi bo‘la turib, yo dunyoviy, yo uxraviy ilm olmagani, halol-harom farqiga bormagani uchun boshqalarga ibrat bo‘lsin deb, kelgusi juma kuni uni dorga ostiraman. Hamma bu hukmdan rozi bo‘lib, uning odilligini tan olishibdi… Ertasi kuni xalifa qabuliga ikki yosh yigitcha kirib kelibdi. Xalifa ularning xulqu-axloqini ko‘rib:
– Farzanding bo‘lsa, shunday bo‘lsin, deb qo‘yibdi… Yigitlar xalifadan gapirishga izn so‘rashibdi va ruxsatdan so‘ng deyishibdi:
– Ey Amiral mo‘minin! Avvalo bizning bir qoshiq qonimizdan keching. Biz o‘limga xukm qilingan qassobning o‘g‘illarimiz. Otamizdan so‘ralgan savollarni bizdan so‘rasangiz. Xalifa bolalarni uzoq savolga tutib, ulardagi ilm yetuklikni sezib, kuchliroq olim kishilarni chorlab, ilm majlisi o‘tkazib, bolalarning zehni va ilmiga qoyil qolibdi va debdi:
– Sizlarga tasanno, lekin otangizga chiqarilgan hukm hammaga ma’qul kelgan va ko‘pchilikka ibratdir.
Shunda qassobning katta o‘g‘li:
– Ey muhtaram jamoa! Bola loy, ota va ona kulol emasmi? Bola onadan o‘g‘ri, qotil yoki aldoqchi bo‘lib tug‘ilmaydiku… Uni tarbiyalovchi ota-ona va tashqi muhitdir. Otamizga chiqargan hukmni otamizga emas, uning otasiga chiqarish kerak edi. Otamiz o‘zi ilmsiz bo‘lsa ham, bizni shunchalik ilmli, ma’rifatli bo‘lishimizga sharoit yaratdi. Otamiz TAHSINga loyiqdir, dedi. Xalifa uzoq sukut saqladi va dedi:
– Ey vazir! Sen endi iste’foga chiq. Shu bola menga vazir bo‘lsin…
– Ey jallod! Qassobni olib kel, ustiga zarbop to‘n yop, bu elga ibrat bo‘lsin. Chunki bizning kelajagimiz farzandlarimiz. Bola tarbiyalashdagi oliyjanobligi uchun qassob shunga loyiqdir. Qassobning otasi tirik bo‘lsa, olib keling, o‘lgan bo‘lsa, go‘ri ustiga o‘ttiz darra uring. Chunki shu qassob ham yoshligida o‘ta iste’dodli bo‘lgan. Otasi esa unga qassobchilikdan boshqa narsani o‘rgatmagan, deb hukmni o‘zgartiribdi.
15.12.2022-yil
UXLAMOQDASAN
Saharlarda qichqirayotgan xo‘rozdan-da ojiz bo‘lma. Zero, xo‘roz Allohni zikr etmoqda. Vaholanki, sen bu payt yotog‘ingda uxlamoqdasan.
Luqmoni Hakim.
05.12.2022-yil
QAYG‘URMA
“Gilamni kaltak bilan qoqmoq gilamga ozor bermoq uchun emas, gilamni poklamoq uchundir. Alloh senga tashvish berar ekan, seni imtihon qilib tozalar, changu g‘uboringni ketkazar. Qayg‘urma…”
Jaloliddin Rumiy
05.10.2022-yil
GAP YETKAZISH
Kim senga gap yetkazsa, bilginki, sening gapingni ham boshqalarga yetkazadi.
Hasan Basriy.
03.10.2022-yil
ULARGA RAHMING KELSIN
Bir kishi ulug‘ bir zotga:
“Odamlarning siz haqingizda aytayotgan gaplarini eshitib sizga rahmim kelib ketadi”, dedi.
Shunda u zot: “Men-chi, men ular haqida nima deyapman?” deb so‘radi.
U: “Siz doimo ular haqida faqat shirin so‘z aytasiz, yaxshi gumonda bo‘lasiz”, dedi.
Shunda ul-zot: “Ha, unday bo‘lsa, menga emas, ularga rahming kelsin”, dedi.
22.09.2022-yil
MENGA SAVOBI YETSA BO‘LDI
Rivoyat qilinishicha, bir kuni bir odam yoshi ulug‘ sahobiy yong‘oq daraxti ko‘chatini ekayotganliklarini ko‘rib:
– Ey muhtaram zot, qarib, ulug‘ yoshga kirgan bo‘lsangiz ham ko‘chat ekasizmi, axir bu yong‘oq falon yildan so‘ng mevaga kiradiku? – debdi.
Ulug‘ sahobiy bunga javoban:
– Menga savobi yetsa bo‘ldi. Mevasini boshqalar iste’mol qilaversin. – degan ekanlar.
21.09.2022-yil
BALIQCHI VA OLMOS
Bir baliqchi bebaho olmos topib olipti. Olmosni olib xursand bo‘lib, zargarni huzuriga kelipti. Zargar olmosga uzooq, termulib depti:
– Bu olmos bebahodir. Men barcha boyligimni yig‘ib sizga bersam ham, olmosni narxini yarmiga ham yetmas. Sizga maslaxatim, siz yaxshisi odil podshox huzuriga boring. Faqat ugina sizni olmosingizga loyiq, narx va boylik berishlari mumkin.
Baliqchi qo‘lida olmos bilan xursandchilikda odil podshox xuzuriga jo‘napti.
Odil podshox va uni xazinaboni baliqchi keltirgan olmosga uzooq, termulib, shunday odil qarorga kelishipti.
– Keltirgan olmosing bebahodir. Biz bu olmosga shunday narx qo‘ydik. Biz seni ixtiyoringga uch soat muxlatga xazinaxonamizni topshiramiz. Shu uch soat muxlatda xazinaxonamizdan xoxlagancha boylikni tashib olib ket. Biz rozimiz. Uch soatdan so‘ng xazinaxonamizdan chiqarilasan.
Baliqchi odil podshox qaroridan rossa xursand bo‘lib, unga raxmatlar aytibdi. Xazinabon baliqchi ixtiyoriga xazinaxonani uch soatga topshirib, vaqtni belgilab chiqib ketibdi.
Xazinaxonadagi tillayu, bebaho duru-gavxarlarni ko‘rgan baliqchi esidan og‘ay depti.
“Xali vaqt bor. Ikki soatdayam qancha oltinlarni tashib ketamanu… bir oz dam olay” deptida, bir uyum tillalar ustiga yotib olib, xayol sura boshlapti:
“Endi dunyodagi eng boy odamga aylandim. Atrofimda xizmatkorlar girdi-kapalak bo‘lishadi. Bir nechta xovli-joy va ulovlarga ega bo‘laman” – kabi orzular qo‘ynida g‘aflat uyqusiga ketib, uxlab qolipti.
Bir payt xazinabon baliqchini uyg‘otarmish:
– Uyg‘on. Tur o‘rningdan, chiq, xazinaxonadan vaqting tugadi seni.
Baliqchi shoshilib:
“Voy, g‘aflat uyqusida qolipman, xozir, xozir, tillalarimni olvolay” – dermish.
Xazinabon:
– Qanaqa tilla, seni vaqting tugadi, chiq, xazinaxonadan. Xech qandek tilla olmaysan.
Baliqchi:
– Bir xovuchgina tilla olvolay.
Xazinabon kulib debdi:
– Bir xovuch emish. Bir dona ham olmaysan. O‘z muxlating ichida qoplab olgin edi. Endi yo‘q. Chiq, xazinaxonadan.
Baliqchi bir oltinga xam ega bo‘lmasdan xazinaxonadan chiqarilipti.
– Aziz birodarim! Kim aybdor???
– Baliqchi – siz va biz – bandalar.
– Odil podshox – Allohdir.
– Xazinaxona – biz yashab turgan foniy dunyo.
– Undagi tillayu, boyliklar – Alloh uchun ibodat va yaxshi amallar.
– Uch soat muxlat – bizga berilgan umr.
– Baliqchining g‘aflat uyqusi – bizni bu dunyoni xoyu-xavaslariga berilishimiz.
– Xazinabon o‘lim farishtasi.
– Vaqt tugab, xazinaxonadan chiqarilgani – umr tugab, bu dunyodan qabrga xaydalishimiz.
– Bir xovuch oltin olishga yalinish – o‘lim farishtasi kelganda, bandani sajda qilib, ibodat qilishiga yalinishidir.
Aziz birodar…
Bu dunyo xazinaxonasida yotipsiz g‘aflat uyqusida.
Uyg‘oning!!!
Uyg‘oning birodar!!!
Xazinaxonadan oling savob va Allohga maqbul amallarni (boylikni). Tashib oling chin dunyongiz uchun. Xozir vaqt bor. Ertaga xazinabon uyg‘otganda kech buladi.
Tafakkur qiling!!!
20.09.2022-yil
NOSHUKR BO‘LMA
Bir ohu suv ichish uchun buloqning og‘ziga bordi. Suvda o‘z aksini ko‘rgan ohu ingichka oyoqlaridan xafa bo‘ldi va uyaldi, ammo shu onda uzun suvdagi aksida jimjimador shoxlariga ko‘zi tushib ko‘zi quvnadi va g‘ururlandi.
Shu vaqt bir guruh ovchilar kelib qoldi, o‘lim xavfini sezgan kiyik o‘tloqqa qarab qochdi, chaqqon oyoqlari sabab u ovchilardan qutulib qoldi.
Ohu aylanib-aylanib o‘rmonga duch keldi va o‘rmon ichiga kirdi, kutilmaganda tiqilinch o‘sgan daraxtlar orasiga shoxi qisilib, ohu tabiiy tuzoqqa tushib qoldi.
Ko‘p o‘tmay uni o‘rmonchi ushlab oldi va oyoqlarini bog‘lab so‘yish uchun kulbasiga olib ketdi.
Qo‘lga tushgan ohu, o‘z-o‘ziga dedi: Meni dushmandan qutqargan oyoqlarimdan uyalgandim, xafa bo‘lgandim, lekin ko‘zimni quvontirgan, men faxrlangan shoxlarim meni tuzoqqa tushirdi…!
Ehtimol, ba’zida biz shikoyat qiladigan va noshukrlik qiladigan narsalar, ko‘tarilishimiz zinapoyasi bo‘lar.
Biz mag‘rurlanadigan narsalarimiz esa bizning qulashimizga sababchidir…
12.09.2022-yil
QO‘SHNINING HAQQI
Taqiy Usmoniy hikoya qiladilar: “Makkai mukarramada bozorga kirib, bir matoni so‘radim. Do‘kondor o‘sha matoni topgunga qadar oldimga 20 tacha o‘ramdagi gazlamalarni to‘kib soldi. Ularning ichidan bittasi menga ma’qul tushib, shuni sotib olmoqchi bo‘ldim. Narhi ham ma’qul keldi. Sotuvchi:
— Sizga shu ma’qul keldi-a!?
— Albatta ma’qul keldi.
— Unda yo‘lning u tarafiga o‘tsangiz, huv anavi do‘konda ham shu gazlamadan bor. O‘sha yerdan sotib oling.
— Ie, nega endi!? Hamma narsani shu yerda savdo qildim, sizning ham qancha vaqtingizni oldim. U do‘kondan sotib olishimning sababi nima?
— To‘g‘ridagi sotuvchi mening qo‘shnim, ko‘ryapman-ki, ertalabdan beri hech narsa sotmadi. Men esa ancha savdo qilib qo‘ydim…”
Xulosa o‘rnida
Rasululloh sollalohu alayhi va sallam shunday ta’lim berganlar:
“Birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini (musulmon) birodari uchun ham yaxshi ko‘rmagunicha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”.
29.08.2022-yil
HALI VAQT BOR
Hali vaqt bor, deb o‘ylash eng katta xatoyimiz!
Hali vaqt bor, deb o‘qimaymiz — institutga kirolmaymiz…
Hali vaqt bor, deb yaqinlar holidan xabar olmaymiz — o‘tganidan keyin afsuslanib yuramiz…
Hali vaqt bor, deb sog‘ligimizga e’tibor bermaymiz — kasaldan boshimiz chiqmay qoladi…
Hali vaqt bor, deb namoz o‘qimaymiz — jannatga kirolmaymiz…
Hech qachon biror ishni keyinga surmang. Aniq maqsad qildingizmi, hozirdan boshlang!
17.08.2022-yil
ODDIY
Oddiy fikrla, oddiy qabul qil va oddiy yasha!
Chunki haqiqat ham juda oddiydir.
Jaloliddin Rumiy.
16.08.2022-yil
USTOZ
Magistratura talabalaridan biri ma’ruza oxirida ustozga:
«Doktor! Darsdagi ma’ruzangizni eshitgan paytimizda uni tushunamiz va keyingi darsingizni intizorlik bilan kutamiz. Lekin uyga qaytib, darsliklarni o‘qisak, siz ma’ruza qilgan paytdagichalik foyda va ruhiyatni topmaymiz» dedi.
Ustoz unga:
– Asalari asalni nimadan oladi?– dedi. Talaba:
– Gullar shirasidan, dedi. Ustoz:
– Agar sen o‘sha gullarning birortasidan yesang, ta’mi qanday bo‘ladi?– dedi. U:
– Achchiq bo‘ladi, dedi. Shunda ustoz:
–Ustozning vazifasi mana shudir. Ustozlar achchiq gullardan shirin va foydali asal chiqarish uchun millionlab gullar uzra aylanib, so‘ng talabalar oldiga to‘plagan shiralarining xulosasini qo‘yishadi, dedi.
15.08.2022-yil
USTOZ NASIHATI
Ota-onam qarigan chog‘larida g‘am chekmasinlar desangiz, xamisha ularning gaplari va maslahatlariga jonu-dilingiz bilan quloq soling. Lekin ishxona va ko‘chadagi muammo, tashvishlaringizni xadeb ularga doston qilavermang, iloji boricha o‘zingiz xal qiling. Ularning shundog‘am zaif bo‘lib qolgan yuraklarini bezovta qilmang.
Doimo ularni xursand qiluvchi gaplarni topib-o‘ylab gapiring, duolarini oling, shunda baraka topasiz inshaalloh hamda oila, farzandingizni ularning oldilarida aslo xaqorat qilmang, jerkimang. Oilaviy muammolarni pinxona va tinch yo‘l bilan xal qiling.
Kun ora cho‘ntaklariga biroz bo‘lsa xam pul solib qo‘ying, lekin nimaga va qayerga ishlatganlarini surishtirmang.
Ular bizni katta qilaman deb, Alloh bergan umrlari, sog‘liklari va boyliklarini biz uchun sarf qilib bo‘lishgan.
Shuni unutmang!
“Ustozlar nasihatlari”dan
09.08.2022-yil
YOLG‘ON
Nega odam yolg‘on gapirganda qizaradi?
Deylik, yolg‘on gapirish insonning o‘z ixtiyori bilan, ammo qizarish ixtiyordan tashqari yuz beradi! Ya’ni bu jarayonni odam nazorat qila omaydi. Olimlar aniqlagan yana bir qiziq holat: yolg‘on so‘zlagan odamning yuzi qizargan vaqtda, oshqozoni ham qizararkan…
“INSONNOMA” kitobidan.
08.08.2022-yil
DUNYO VA OXIRAT NE’MATI
Ibrohim bunday degan: “Bir kun men Bishrini ko‘rdim, uning bir chaqasi yo‘qoldi. Men unga bir dirham berdim”.
– Buni olmayman, – dedi u.
– Bu xolis, halol, – dedim men.
– Men dunyo ne’matini oxirat ne’matiga almashtiruvchi emasman, – dedi u, qat’iy.
“Donolar suhbati” kitobidan.
01.08.2022-yil
ERKATOY
Fotih Sulton Mehmet Xon bolaligida juda yaramas, to‘polonchi bir o‘quvchi edi. Dars vaqtida qilgan to‘polonlari bilan ustozi Oqshamsiddinni jahlini chiqarar edi. Ustozi unga tanbeh bersa, darhol: «Men podshohning o‘g‘liman, hech narsa qilolmaysan», deyishdan ham toymasdi.
Oqshamsiddin podshohga shikoyat etishlikni adabsizlik hisoblab, holatni II-Murotga aytishlikdan tortinar edi. Ammo, vaqt o‘tgani sayin kichik Mehmetning qiliqlari haddan oshib, chidab bo‘lmas holga keladi.
Shundan keyin noiloj podshoh II-Murotning huzuriga chiqadi.
-Podshohim, Sizga aytishim zarur bo‘lgan bir xususiy masala bor. Ammo, aytishdan hayo qilmoqdaman.
Podshoh:
-Marhamat! Hech tortinmasdan aytaver, deydi.
Bu so‘z Oqshamsiddinni xotirjam etdi. Va hodisani anglata boshladi.
-Podshohim! O‘g‘lingiz – jigarporangiz juda to‘polonchi. Uning dastidan darsimni o‘tolmayapman. Qachon tanbeh bersam, darhol Sizni nomingiz bilan menga tahdid qiladi.
Podshoh bir oz sukut saqlaydi.
Keyin Oqshamsiddinga yaqin kelib, bir narsalarni pichirlab tushuntiradi. Podshohning so‘zlaridan Oqshamsiddin sarosimaga tushadi.
-Bu qanday reja? Buni amalga oshirish mumkin emas!
Oqshamsiddin bu reja xususidagi xavotirlarini oshkor qilishiga qaramay, podshoh,
-Bu ish bo‘ladi, deydi.
Ertasi kuni Mehmet darsda yana to‘polonini boshlaydi. Ustozining tanbehiga odatdagidek, otasi bilan tahdid javobini beradi. Ayni shu payt to‘satdan eshik ochilib, podshoh ichkariga kiradi. Bu holatdan g‘azablangan Oqshamsiddin podshohga qarab baqiradi. Bir tarsaki urib deydi:
-Hech kim dars vaqtida ichkariga bunday tarzda kirishi mumkin emas!
Izn so‘rab kirishi lozimligini aytib, tashqariga haydaydi.
Podshoh mahjub shaklda bo‘ynini egib, uzr so‘raydi va tashqariga chiqadi.
Bu hodisa qarshisida Fotih Sulton tili kalimaga kelmay, nima qilishini bilmay qoladi. Ishongani-podshoh otasi ko‘z o‘ngida tarsaki yegan edi. Fotih Sulton Mehmetning ichki dunyosi ag‘dar-to‘ntar bo‘lgandi.
Bir ozdan so‘ng eshik taqillaydi, va podshoh hijolatli holatda ichkariga uzr so‘rab kiradi.
Reja ajoyib shaklda amalga oshgan edi.
O‘sha kundan so‘ng, Fotih Sulton Mehmet aslo yaramaslik qilmadi.
Chunki, ishongan tog‘lariga qor yog‘gan edi…
Ta’lim ne ekanini II-Murot darajasida bo‘lmasa ham, kamida o‘z farzandini yanglish yo‘llarga yo‘naltirmaslik qadar idrok etadigan ota-onalarga ehtiyojimiz bor.
Unutmaylik, bolalar erka, tantiq bo‘lib tug‘ilmaydilar. Ularni diplomli, mansabli, toparmon, ammo tarbiyasiz ota-onalar taltaytiradilar…
Ibratli hikoyalar.
29.07.2022-yil
AMALGA NOLOYIQ KISHI
Umar ibn Abdulaziz bir qozini vazifasidan bo‘shatdi. Qozi Umardan:
– Nega bo‘shatdingiz? – deb so‘radi.
Umar:
– Vazifangdan so‘zing balandroq ekan, – dedi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
25.07.2022-yil
UZOQ UMR KO‘RISH SIRI
Qadimgi fozillardan Asmaiy aytadi:
– Bir yuz yigirma yoshga kirgan bir kishini ko‘rib, undan so‘radim: “Uzoq umr ko‘rishingizga sabab nima?”
U kishi:
– Hasad, kinchilikdan parhez qildim. Mana shu xislatim uzoq umr ko‘rishimga sababchi bo‘ldi, deb javob berdi.
Bayt:
Gar desang umrimda gamgin bo‘lmayin,
Qilma hech kimga hasad ham tutma kin.
“Donolar suhbati” kitobidan.
22.07.2022-yil
TAMA VA QANOAT
Fors o‘lkasidan ikki kishi Chin mamlakati tomon safarga chiqadi. Ularning tabiati va nuqtai nazarlari bir-biriga zid. Biri – boriga shukr qilib yashovchi kishi, ya’ni qanoatli. Ikkinchisi – ochko‘z, dunyoparast kimsa. Bu ikki odam uzoq yo‘l yuradi. Ittifoqo, yo‘l yoqasida yarmi tuproqqa ko‘milgan bir tosh uchrab qoladi. Uning yuzasida yozuv. Ular xatni o‘qishadi: “Kimki mashaqqatlarga bardosh berib, toshning teskari tomonini ag‘darsa, unda bir afsona bitilgan. Unga ko‘ra, shu atrofda bir vayrona bor. Vayronaning tagida esa xazina. Qiyinchilikka chidagan shu xazinaga ega bo‘ladi…” Tamagir buni o‘qigach, oromini yo‘qotadi, tosh tubini qazimoqqa tushadi. Qanoatli kishi unga parvo etmasdan, yo‘lda davom etadi. Chunki unga “ganji qanoat” hamroh edi. “U: “Kim sorikim, Tangrining ehsoni bor, Tosh yorilib chiqmog‘i imkoni bor”, degan ishonch bilan kun kechirardi. Xullas, u tong otguncha yo‘l bosadi. Subhidamda bir shaharga duch keladi. Shahar ichiga eltadigan yo‘llar ko‘p ekan. Lekin u eng yaqiniga duch kelganidan birinchi bo‘lib kirib boradi. Darvozaga yaqinlashgan zahoti uni xaloyiq qurshab oladi. Bu el rasmiga binoan, podshoh o‘lgandan so‘ng uning vafoti sir tutilar, sahar vaqtida kim shaharga qadam bossa, uni taxtga o‘tqazib, boshiga toj kiydirib, qo‘liga uzuk taqishar edi. Uni shu omad kutib turgan ekan. Shunday qilib, u mamlakatga podshoh qilib ko‘tariladi.
Tamagirning qismati nima kechdi dersiz? U o‘zini rosa qiynab, yuz mashaqqat bilan toshni boshqa tomonga ag‘daradi. Qarasa, yana yozuv, u “Xomtama dahrda ranjur erur” – xomtama dunyoda doim ranj tortadi, degan fikrni o‘qiydi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
21.07.2022-yil
FARQ
Aristoteldan:
– Fikrli bilan fikrsiz odam qanday farqlanadi? – deb so‘raganlarida:
– O‘lik bilan tirik qanday farqlansa, xuddi o‘shanday, deya javob qaytargan ekan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
19.07.2022-yil
TIL QILICHI
Abbosiylar xalifaligi davrining mashhur hajviy va madhiyaxon shoiri Ibn ar-Rumiy taxallusi bilan tanilgan Ali ibn Abbos abbosiylar xalifaligi hukumatining vaziri bo‘lgan Qosim bin Abdullohning yig‘inida o‘tirar va nihoyatda mamnun edi. U hamisha o‘zidagi mantiq va bayonning kuchi va til qilichi bilan g‘ururlanardi.
Qosim bin Abdulloh Ibn ar- Rumiy tilining qilichidan judayam tashvishlanar, ammo o‘zining g‘azabini yuzaga chiqarmas va uning gaplarini indamasdan tinglar edi.
Bir kuni Qosim Ibn ar-Rumiyning ovqatiga zahar solishlarini buyurdi. Ibn ar-Rumiy ovqatdan bir luqma yegan zahotiyoq uning zaharlanganligini sezdi.
Ketish uchun tezda o‘rnidan turdi.
Qosim undan so‘radi:
– Qayoqqa ketyapsan?
– Sen jo‘natgan tomonga.
– Unda mening salomimni ota-onamga yetkaz.
– Men jahannam yo‘lidan bormayman.
Ibn ar-Rumiy uyiga borib davolanishga kirishdi. Ammo foydasi bo‘lmadi. U shunday qilib, o‘z tilining shamshiri bilan o‘z oyog‘ini chopdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
18.07.2022-yil
ILM VA BOYLIK
Zamonasining ulkan olimi Faxriddin Roziy uzoq yo‘l bosib, Xorazmga keladi. Bu xabarni eshitgan Muhammad Xorazmshoh Roziyni na saroyga taklif qiladi, na borib uni ko‘radi. Kunlar o‘tib shoh va olim, kutilmaganda, hammomda uchrashib qoladilar. Shunda Xorazmshoh qiyomat ishlari to‘g‘risida Roziyga savollar beradi.
– Ey qiyomat kunini bilishni orzu qilgan odam, – deydi alloma, – sening savollaringga javob beradigan munosib joy bu hammomdir. Qiyomatda ham shohu gado barchasi bir hil ahvolda – yalang‘och bo‘lishadi. Na shoh, na amaldor – hech kim hech narsasini olib borolmaydi. Sen hammomga nimangni olib kira olding? Hech nimani. Toju taxt, xazina – barchasi tashqarida qoldi. Ilm-hunar egalari-chi? Ularning boyliklari menikiga o‘xshab, hammasi o‘zlari bilan birga.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Ali Faxriddin Roziy – mashhur kalom olimi va diniy falsafa namoyandasi, adib. (1149-1209).
“Donolar suhbati” kitobidan.
15.07.2022-yil
G‘AZZOLIY VA QAROQCHILAR
Islom dunyosining mashhur olimi Imom G‘azzoliy Eronning Tus shahridan edi. Mamlakatning turli burchaklaridan ilm toliblari Nishopurga kelib tahsil olishardi. G‘azzoliy ham Nishopur va Gurgon shaharlariga kelib, bir necha yil tahsil oldi. Olgan bilimlari unut bo‘lib ketmasligi uchun o‘rganganlarining barchasini qog‘ozga yozib borar va u qog‘ozlarni buklamalar shakliga kirgizib, avaylab olib qo‘yardi.
Oradan ancha yillar o‘tgandan so‘ng o‘z tug‘ilgan shahriga qarab yo‘lga tushdi. Olgan bilimlarini yozgan qog‘oz buklamalarini taxlab xurjuniga joylashtirdi va bir karvon bilan ona shahriga ravona bo‘ldi.
Ittifoqo, yo‘lda bir guruh qaroqchilar karvonga hujum qilishdi, karvondagilarning bor molmulkini bitta-bitta yig‘ib ola boshlashdi.
Navbat G‘azzoliy va uning narsalariga yetdi. Qaroqchilarning qo‘li xurjunga yetganida G‘azzoliy yalinib-yolvora boshladi:
– Bundan boshqa nimaiki bo‘lsa hammasini oling, ammo bu xurjundagi narsalarni o‘zimga qoldiring.
Qaroqchilar bu xurjun ichida qimmatliroq narsa bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdi va shosha-pisha xurjunni bo‘shatishdi. Ammo uning ichidan shiqirlagan qog‘oz buklamlaridan boshqa hech narsa chiqmadi.
– Bular nima? Bu qog‘ozlar senga nimaga kerak? – deb so‘rashdi hayron bo‘lib qaroqchilar.
– Bular sizga kerak bo‘lmaydi, bular menga kerak, – dedi G‘azzoliy.
– Qanaqasiga?
– Bular mening bir necha yillik tahsilim samarasidir. Agar bularni mendan olib qo‘ysangiz, olgan bilimlarim qo‘ldan ketadi va bir necha yillik mehnatim havoga uchadi.
Qaroqchilardan biri G‘azzoliyning shu gapiga diqqatini qaratdi va undan so‘radi:
– Sening olgan biliming mana shu bir uyum qog‘ozmi?
– Ha.
– Xurjunga joy bo‘ladigan va o‘g‘irlash mumkin bo‘lgan narsa ilm bo‘lolmaydi. Sen o‘zing to‘g‘ringda bir o‘ylab ko‘rishing lozim ekan.
Ushbu o‘ta oddiy va avomcha gap G‘azzoliyning iste’dodli va hushyor ruhiyatida g‘alayon yasadi. Shu kungacha o‘z ustozidan eshitganlarini to‘tiga o‘xshab takrorlab, daftariga yozib yurgan G‘azzoliy endi o‘z miyasi va zehnini tafakkur bilan parvarishlashga, ko‘proq fikrlab, tadqiqotlar qilishga va o‘rgangan foydali bilimlarini xotira daftariga yozib qo‘yishga qaror qildi.
Imom G‘azzoliyning o‘zi keyinchalik bu to‘g‘rida shunday degandi:
– Mening tafakkurim rivojida yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lgan eng yaxshi pand-nasihatni bir qaroqchi og‘zidan eshitganman.
Imom G‘azzoliy – mashhur ilohiyot olimi, tasavvuf nazariyotchisi, faylasuf va faqih Abu Homid Muhammad G‘azzoliy Tusiy (1058-1111).
“Donolar suhbati” kitobidan.
06.07.2022-yil
BIR HOVUZ VA BESH ARIQ
Donishmand kishining yoniga bir yigit kelib:
– Shu kungacha buzuq ishlar ketidan yelib-yugurdim. Endi shu yaramas ishlarimdan tavba qilmoqchi bo‘lib sizning huzuringizga keldim. Meni shogirdlikka qabul qiling, tarbiyangiz soyasida yaxshilar safida bo‘laman, – dedi.
Donishmand aytdi:
– Sening ko‘ngling bir hovuzga o‘xshaydi. Beshta ariqdan ifloslangan loyqa suvlar oqib kelib, ko‘ngling hovuzini bulg‘atib turadilar. Agar bu ariqlarning yo‘llarini tozalab, ifloslangan suvlarni kirgizmasang, u vaqtdagina seni shogirdlikka qabul qilib, tarbiyalayman. Ariqlar tozalanmasa, ming marta tavba qilsang ham foyda bermaydi.
Yigit: “U ariqlar qaysi?” deb so‘radi.
Donishmand aytdi:
– Bir ariq – ko‘zing yo‘li. Ayollarga fahsh, xiyonat nazari bilan boqma. Bir ariq – og‘zing yo‘li. Og‘zingdan adab, tarbiyaga zid bo‘lgan so‘zlarni chiqarma, harom va shubhali narsalarni yema, ichkilik ichma. Bir ariq – qo‘llar yo‘li. Kishilarning molu mulk, jihozlarini o‘g‘irlab olma, birovni urib, jabru jafo yetkazishdan saqlan. Bir ariq – oyoqlaring yo‘li. O‘g‘rilikka yurma. Yana bir ariq – quloqlaring yo‘li. G‘iybat, ig‘vo, fasodga oid bo‘lgan so‘zlarga quloq solma, adab-tarbiyaga zid bo‘lgan so‘zlarni eshitishdan qoch.
Yigit beshta ariq yo‘llarini tozalab, ko‘ngil hovuzini pok, musaffo suvlar bilan to‘ldirishga va’da berdi. Shundan keyin donishmand yigitni shogirdlikka qabul qildi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
05.07.2022-yil
ORIYATLI DARVESH
Bir darvesh yo‘qchilik o‘tida yonar edi, libosining yamog‘i ustiga yamoq solardi. Bir kishi unga:
– Nega shu holda o‘tirasan? Bu shaharda juda ham saxovatli bir kishi faqir, bechoralarning xizmatiga bel bog‘lagan. Agar sening bu parishon holingni anglasa, darhol yordam qo‘lini uzatadi, – dedi va o‘sha saxiy odamning yoniga borib yordam so‘rashni tavsiya qildi.
Darvesh u kishiga aytdi:
– Sukut qil, chunki har kishining yoniga borib tilanishdan, ehtiyojni arz etishdan ko‘ra yo‘qchilikdan o‘lgan yaxshirokdir.
“Donolar suhbati” kitobidan.
04.07.2022-yil
HAR KIMNING YOSHIGA YARASHA
Bir donishmanddan:
– Yigitlar uchun nima narsa yaxshiroq? – deb so‘radilar. Donishmand aytdi:
– Sharm-hayo va bahodirlik.
Yana undan:
– Qarilarga-chi? – deb so‘radilar.
Donishmand:
– Sabr va ma’rifat, – deb javob berdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
30.06.2022-yil
ADL BINOSI
– Hamma narsadan ko‘ra yuqori hisoblangan narsa nima? Qaysi narsa hech vaqt vayron bo‘lmaydi? – deb so‘radilar. Buqrot[1] hakim aytdi:
– Himmat hamma narsadan yuqori turadi. Adl binosi hech vaqt vayron bo‘lmaydi.
Bayt:
Himmatingni tut baland el oldida,
Himmating-la martabang bo‘lgay baland.
[1] Buqrot – qadimgi yunon hakimi, ilmiy tibbiyot asoschilaridan biri Gippokrat (miloddan avvalgi 460-377).
“Donolar suhbati” kitobidan.
29.06.2022-yil
NASIHAT - YOSHLARGA YARASHADI
Luqmoni hakimdan:
– Nasihatlaringizning ko‘pi yoshlarga oid bo‘ladi, ammo yoshi kattalarga kamroq bo‘ladi, buning sababi nima? – deb so‘radilar.
Luqmoni hakim shunday javob berdi:
– Bog‘bon yerni yumshatib, bir daraxt ko‘chatini o‘tqazib, uning atrofini xas-xashakdan, zararli yovvoyi o‘tlardan tozalab, kerak bo‘lgan vaqtda suv berib tursa, umuman, yaxshi diqqat qilib tarbiyalasa, tez vaqtda daraxt voyaga yetadi, unumli, serhosil bo‘ladi.
– Bolani ham yoshligidan boshlab yaxshilab tarbiya qilinsa, go‘zal axloqli, odobli etib o‘stirilsa, u bola o‘ziga, ota-onasiga baxt-saodat keltiradi, jamiyatning eng foydali a’zosi bo‘lib yetishadi. Shuning uchun men yoshlar tarbiyasiga ko‘proq ahamiyat beraman, va’z-nasihatlarimning ko‘p qismi yoshlarga oid bo‘ladi.
Bayt:
Har o‘gil-qizga kerakdir ruhafzo[1] tarbiyat,
Aylagay orzu-umidlarni muhayyo tarbiyat.
[1] Ruhafzo – ruhlantiruvchi, jonlantiruvchi, tiriltiruvchi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
28.06.2022-yil
DO‘ST BILAN DUSHMANNING FARQI
Arab fozillaridan Asmaiy aytadi:
Men bir kun do‘stimni ko‘rgani bordim. Do‘stim bir kishi sig‘arlik palosni solib o‘tirgan ekan. Meni ham palosda o‘tirishga taklif qildi. Men:
– Palos o‘zingga torlik qilib turibdi, yana meni palosda o‘tirishga taklif qilasan? – degan edim, u aytdi:
– Ikki dushman butun yer yuziga sig‘maydi, ammo ikki do‘st bir qarich yerga ham sig‘a oladi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
27.06.2022-yil
YAXSHI VA SAXIY KISHI
Qadimgi Eron donishmandi Buzurgmehr o‘z ustozidan so‘radi:
– Dunyoda eng yaxshi kim?
Ustozi javob berdi:
– Odamlarga foyda yetkazgan kishi.
Yana so‘radi:
– Qanday kishini saxiy deb aytish kerak?
– Saxiy odam ehson qilganida shodlanadi, pushaymon bo‘lmaydi, – deb javob berdi ustozi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
22.06.2022-yil
ENG YOMON ODAMLAR
Bir donishmand o‘z shogirdlariga:
– Sizlarga eng yomon odamlar kimlar ekanidan xabar beraymi? – degan edi, shogirdlari ustozdan buni o‘tindilar:
– Chaqimchilik qilib odamlarni bir-birlariga dushman etgan odamlar eng yaramas, eng yomon kishilardir.
Donishmand yana shogirdlariga chaqimchilikning dilga yetkazadigan ozori haqida fikr bildirib:
– Biringiz ikkinchingizning so‘zingizni menga yetkazmang, men salomat va rohatda bo‘lgan qalb bilan sizlarga yo‘liqishni istayman, – dedi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
21.06.2022-yil
NASIHAT
Iskandar Rumiy bir kun ustozi Arastudan:
– Ey ustoz, men buyuk ishlarga qadam qo‘ydim. Bu ishlarim natijasida do‘stlarni ham, dushmanlarni ham topaman. Ular bilan qanday muomala qilishim kerak? – deb so‘radi.
Arastu shunday deb edi:
– Iloj boricha o‘zingga dushman orttirma, biror kishi senga dushmanlik ko‘rsata boshlasa, sen unga marhamat nazari bilan qara, dilnavoz bo‘l, shu bilan u kishi do‘stlaring qatoridan joy oladi. Do‘stlaringni shafqat va marhamating bilan sarafroz[1] qil, ular sendan ajralmay, samimiy do‘stlaring bo‘lib qoladilar.
Yolg‘onchi kishidan vafo kutma. To‘g‘ri so‘z ko‘ngilga achchiq va qattiq tegadi. Odam yaxshilik qilganga yaxshilik qiladi, bir yaxshilikka o‘n hissa yaxshilik qaytaradi. Kimning asli pok – sof bo‘lsa, u odam elga manfaat yetkazadi.
Ey mard odam! Odamiylik qil, oliy himmatli, tavozeli, ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘l.
[1] Sarafroz – yuksak, baland; xursand, mag‘rur; mumtoz.
“Donolar suhbati” kitobidan.
20.06.2022-yil
ENG MUNOSIB ODAM
Bir donishmandning shogirdi ustozidan:
– Odamlar orasida ezgulik qilishga eng sazovor bo‘lgan odam kim? – deb so‘radi.
– Onang, – deb javob berdi ustozi.
Shogirdi yana so‘radi:
– Undan keyin kim?
– Onang, – deb aytdi ustoz.
Shogirdi yana so‘radi:
– Undan keyin kim?
– Onang, – dedi donishmand ustoz.
Shogirdi yana to‘rtinchi marta “Undan keyin kim?” deb so‘ragach, ustozi:
– Otang va boshqa qavmu qarindoshlaring, – deb javob berdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
17.06.2022-yil
SUKUTNING AFZALLIGI
Luqmoni hakim o‘g‘liga nasihat qilib aytadi:
– Ey o‘g‘il, odamlar so‘zga ustomonliklari bilan maqtansalar, sen sukuting bilan maqtan. Har narsaning dalili bor. Aqlning dalili – fikr, fikrning dalili sukutdir.
“Donolar suhbati” kitobidan.
05.05.2022-yil
UCH NARSA
Luqmoni hakim o‘g‘liga uch narsa uch yerdagina bilinadi, degan ekan.
Chidam – boshga kulfat tushganda.
Botirlik – kurashda.
Do‘stlik – unga hojat tushganda.
“Donolar suhbati” kitobidan.
28.04.2022-yil
ENG XAQ GAP
Shayx Sa’diy aytadi:
– Ulug‘ shayxlarning biriga: “Falon odam mening haqimda ko‘p noloyiq so‘zlar tarqatib yuradi”, deb u odamdan shikoyat qildim.
Shayx:
– Go‘zal xulq-atvoring, odobing bilan uni uyaltir, – deb javob berdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
27.04.2022-yil
O‘LCHOV
«Hech kim hayotdagi o‘lchovni buzmasligi kerak: hayotda donolik bu – hamma narsada o‘lchovni bilishdir.»
Gipokrat.
26.04.2022-yil
NAFS
Men bir donishmanddan:
– “Eng ashaddiy dushmaning – ikki kifting orasida joy olgan nafsingdir” degan hadisning ma’nosi nima? – deb so‘radim. Donishmand shunday javob berdi:
– Ma’nosi shuki, har bir dushmanga ehson qilsang, u senga do‘st bo‘ladi, illo nafs degan narsaga qancha iltifot qilsang, adovatini shuncha oshiraveradi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
25.04.2022-yil
NASIB QILGANINI OLASAN
Qanchalik boy boʻlsang ham, faqatgina yeya oladiganing darajada yeysan.
Dengizga koʻzani botirsang, ola oladigan darajada suv oladi.
Qolgani esa qolib ketadi…
Hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiy
21.04.2022-yil
NASIHAT
Bir donishmand farzandlariga shunday pandu nasihat qilardi:
– Aziz o‘g‘lonlarim, hunar o‘rganinglar, zeroki, molu dunyoga e’timod yo‘q va oltin-kumush safarda xatarlidir. Qaroqchi o‘g‘irlab ketadi yoki egasi yeb-ichib tamomlaydi. Ammo hunar qaynar buloq, tuganmas davlatdir, agar hunarmand molidan mahrum bo‘lsa, qayg‘usi yo‘qdir, chunki hunarning o‘zi davlatdir. Hunarmand qaerga borsa, qadrlanadi va uyning to‘ridan joy oladi. Xunarsiz odam esa, hamisha mashaqqat chekadi, tilanchilik qiladi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
20.04.2022-yil
IKKI OMIL
Ikki asosiy omil sizning keyingi besh yil ichida qanday inson bo‘lishingizni hal qiladi:
siz muloqot qiladigan odamlar va siz o‘qigan kitoblar.
Robin Sharma
19.04.2022-yil
DUSHMAN
Bir donishmand aytgan ekan:
– Odamlar dushmanga og‘izlaridan yo‘l beradilar, u esa aqllarini o‘g‘irlab ketadi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
15.04.2022-yil
KO‘Z
Ko‘z – Allohning qudrati va san’atini ko‘rmoq uchun berilgandir.
Yor-do‘stning ayblarini va harom narsalarni ko‘rmoq uchun emas!
Hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiy
14.04.2022-yil
MUTTAHAMNING FOSH ETILISHI
Kunlardan bir kuni qassobning oilasida kutilmagan hodisa ro‘y berib, uni shoshilinch uyga chaqirib qolishibdi-yu, hatto do‘konini ham yopishga ulgurmay, changakdagi go‘shtlaru g‘aladondagi pullarini yonidagi choyxonachiga “qarab tur”, deb tayinlagancha yugurib ketibdi. Qaytib kelib qarasaki, g‘aladondagi pullari yo‘q. Choyxonachi olib qo‘ygan bo‘ladi. Choyxonachidan so‘rasa, olmaganman, tuhmat qilma, guvoh-isboting bormi, deb tonibdi. Orada janjal ko‘tarilibdi. Birisi: “Tuhmat qilayapti, olmaganman”, desa, boshqasi: “Shundan boshqa olmaydi, o‘zining qo‘li egri edi”, deb g‘avg‘o ko‘taribdi. Bir donishmand choyxonachiga murojaat qilib:
– Agar qassobning pulini olmagan bo‘lsang, unda bor pulingning hammasini o‘rtaga qo‘y, ana shunda olgan-olmaganing ma’lum bo‘ladi, – debdi.
Choyxonachi olib chiqqan pullarni u ko‘zdan kechirib:
– Yaxshilikcha aybingga iqror bo‘l, yo‘qsa yuzingga qora surtib, eshakka teskari mindirib, ko‘pchilik oldida sharmanda qilaman, – debdi.
Choyxonachi:
– Guvoh-isbotingiz yo‘q, – deb baland kelgan ekan, donishmand choyxonachining hamma tangalarini yig‘ib, sopol tovoqqa solibdida, ustidan qaynoq suv quyibdi. Atrofdagilarga:
– Bu tangalar hammasi qassobniki, muttaham choyxonachini eshakka teskari mindirib, mahallaga sazoyi qilinglar, – deb hukm chiqaribdi.
Odamlar sopol tovokdagi suvga qarab, ne mo‘jiza, deb tushunolmay hayron bo‘lishibdi. Chunki tovokdagi tangalar suv quyilgandan keyin ko‘rinmay qolgan edi. Shunda hayron bo‘lgan odamlarga qarab donishmand:
– Tangalarning ko‘rinmay qolganining sababi shuki, suvning yuziga bir oshning yog‘i chiqib qoldi. Axir, choyxonachining qo‘lida yog‘ nima qiladi! Ertalabdan kechgacha ko‘li suvda. Demak, bu tangalar qassobning yog‘liq qo‘lidan chiqqan pullar, – deganda, olomondan dahshatga kelgan choyxonachi:
– Yarmi uniki, yarmi o‘zimniki, – deb gunohini tan olib, yolvorishga majbur bo‘lgan ekan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
13.04.2022-yil
SABRNING XOSIYATI
Bir donishmandga ayoli yetishmovchilikdan shikoyat qildi. U javob berdi:
– Sabr qil. Oldinda shunday bir cho‘qqi borki, unga faqat yuki yengillargina chiqa oladilar.
“Donolar suhbati” kitobidan.
12.04.2022-yil
DONISHMANDNING UZUGI
Bir donishmandning uzugiga beshta so‘z o‘yib yozilgan ekan. Xursand paytlarida bu yozuvga ko‘zi tushsa, birdan g‘amgin bo‘lib qolar, xafa chog‘larida yengil tortar ekan.
Uzukka “Bu kunlar ham o‘tib ketadi” deb yozilgan ekan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
11.04.2022-yil
HAR KIMGA - MAQSADIGA QARAB
Tarix sohasida jahon miqyosida tengi kam olimlardan bo‘lgan Mahmud Kamoldan so‘radilar:
– Sizdagi bilimning o‘ndan biriga ega bo‘lmaganlar sizdan bir necha barobar ko‘proq tanildilar. Buning sababi nimada ekan?
– Men bilmoq uchun o‘rgandim, ular bilinmoq uchun!
“Donolar suhbati” kitobidan.
07.04.2022-yil
GAPNING QISQASI
Ikki do‘st uchrashib qolib, birisi ikkinchisiga o‘z holidan shikoyat qilib dedi:
– Do‘stim, holim juda og‘ir, me’dam hech narsani qabul etmaydi, juda kuchsizman, ko‘zlarim tinadi, boshim aylanadi, ko‘nglim ayniydi, oyoqlarim qaltiraydi, kechalari ko‘zimga uyqu kelmaydi, isitmalab yonaman. Mabodo do‘stlarim sendan mening holimni so‘rasalar, ularga shunday deb ayt, – dedi.
Do‘sti unga:
– To‘xta, do‘stim, meni kechir, bunday uzun so‘zlarni esimda saqlab qololmayman. Sening holingni so‘raganlarga qisqacha qilib: “Bechora do‘stim vafot qildi”, deyman-qo‘yaman, – deb javob berdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
06.04.2022-yil
HADYA QANDAY BO‘LISHI KERAK?
– Bo‘yin egib hadya so‘ramagan kimsa hadyaga loyiq emas, – degan ekan bir podshoh.
Bunga javoban shu yerda o‘tirgan donishmand shunday debdi:
– So‘rab olgan odam olgan nar- sasiga nisbatan ko‘proq yo‘qotadi. Haqiqiy marhamatli kishi so‘ramasdan beradi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
05.04.2022-yil
VAQT BIR YERDA TURMAYDI
Ma’mun bir kuni shikoyatga kelganlarni qabul qilardi. Bir hojatmand kishining arizasini unga beradilar. Ma’mun arizani kotibiga topshirarkan, deydi:
– Bu darveshning hojatini chiqargin, chunki bu dunyo harakatdadir, tanglik va qashshoqlik ham bir holda turmaydi, bu olam esa hech kimga vafo qilmagan. Bugun yaxshilik qilish qo‘limizdan keladi. Ertaga esa birovga yaxshilik qilamiz desak ham, ojizligimizdan qilolmaymiz.
“Donolar suhbati” kitobidan.
04.04.2022-yil
NODONLIK NAMOYISHI
Donishmandlardan biri der ekan:
– Birov gapini tugatmasidan burun gapga aralashadigan kishidan ko‘ra ortiqroq o‘z nodonligini oshkor qiladigan odam bo‘lmaydi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
14.03.2022-yil
QAYGʻURMA
“Gilamni kaltak bilan qoqmoq gilamga ozor bermoq uchun emas, gilamni poklamoq uchundir.
Alloh senga tashvish berar ekan, seni imtihon qilib tozalar, changu g‘uboringni ketkazar. Qayg‘urma…”
Jaloliddin Rumiy (1207-1273)
09.03.2022-yil
ABADIYAT SIRI
Anushervoni odil Buzurgmehrdan:
– Eng yaxshi yashash qanday yashash? – deb so‘radi.
– Salomat bo‘lish va xotirjam yashash – eng yaxshi yashash, – deb javob berdi u va davom etib dedi: – Lekin yaxshi nom qoldirish abadiy yashashdir.
“Donolar suhbati” kitobidan.
03.03.2022-yil
BIR AYB ORTIDAN O‘N AYB
Anushervonning o‘g‘li Hurmuz Axvoz viloyatiga borgan paytda o‘sha yerning hokimi bilan muloqotda bo‘ldi va bir kuni unga dedi:
– Senda yagona bir aybdan boshqa hech bir ayb ko‘rmadim. Ammo o‘sha ko‘rgan aybim o‘nta aybni o‘z ortidan ergashtirib yuradi.
Hokim:
– U qanday ayb ekan? Orqasidan ergashtirib keladigani esa qaysilar – aytib ber! – dedi.
Hurmuz dedi:
– O‘sha ayb kerilish va o‘zni katta tutishdir. Bilgilki, unga ergashadigan ayblarning birinchisi – mensimaslik bo‘lib, uning oqibati xalq nafratiga yo‘liqish.
Ikkinchisi – odamlarni taftish va tadqiq qilib, ularga dashnom bergan holda, o‘zi esa kasb-hunarning birortasiga ham ega bo‘lmaslik.
Uchinchisi – o‘qishdan or qilib, ilmu adabdan bebahra qolish.
To‘rtinchisi – o‘tirishda barchadan o‘zini ustun va dono deb bilib, o‘ziga dushman orttirish va obro‘yini to‘kish.
Beshinchisi – manmanlik tufayli chegaradan chiqish, balandroq amalni xohlab qolish, natijada xoru zor bo‘lib, o‘z martabasidan ham ajrash.
Oltinchisi – odamlarning haq-huquqini hurmat qilmaslik, bemorlardan hol so‘ramaslik va shunga o‘xshash narsalardan ko‘z yumish.
Yettinchisi – odamlarga xavf solish, ularni masxara qilish orqali beqadr bo‘lish.
Sakkizinchisi – maslahatsiz ish tutish tufayli xijolat chekib, nadomat tortish.
To‘qqizinchisi – odamlar meni ulug‘ fahmlaydi, deb o‘ylash va gumonda yurish.
O‘ninchisi – fozil va komil kishilarga quloq solmay, haqorat ko‘zi bilan qarash sababli ularning nazaridan qolish!
“Donolar suhbati” kitobidan.
02.03.2022-yil
DUSHMANNING FOYDASI
Iskandar Zulqarnayn aytadi:
– Do‘stlardan-ku, ko‘p foyda ko‘raman, lekin dushmanlardan undan ham ko‘p manfaat topaman. Chunki mening yomon fe’limni do‘stlar manfaat yuzasidan yashiradilar va men uni bilmay qolaman. Dushmanlar esa dushmanlik jihatidan bu fe’limni mening yuzimga soladilar va men undan qutulishga harakat qilaman.
“Donolar suhbati” kitobidan.
01.03.2022-yil
MARD VA NOMARD
Iskandar Zulqarnayn aytgan ekan:
– Kishi o‘zining oliy himmati bilan azizdir. Mard shunday kishiki, gapirmasdan turib, qilmoqchi bo‘lgan ishini ado qiladi. Nomard kishi gapirib turib ham ado qilmaydi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
28.02.2022-yil
TO‘RT HIKMAT
Deydilarki, bir kuni Xitoy, Hind, Eron va Rum podshohlari bir yerga yig‘ilib:
– Har birimiz shunday bir so‘z aytaylikki, dunyo turguncha tursin, – deb shartlashibdilar.
Xitoy shohi debdi:
– Men aytgan so‘zimni qaytarib olishdan ko‘ra, aytmagan so‘zni og‘izdan chiqarmaslikka harakat qilaman.
Hind shohi debdi:
– Men o‘z foydasini ko‘zlab aytgan so‘zi zarar bergan va o‘zini halok qilgan odamga hayron qolaman.
Eron shohi debdi:
– Og‘zimdan chiqmagan so‘zim – qulimdir, aytganim esa – xojam.
Rum shohi debdi:
– Men aytmagan so‘zimdan hech vaqt pushaymon bo‘lmaganman, aytganimdan esa juda tez-tez pushaymon bo‘laman.
Shohlarning indamasligi foydasiz va bema’ni suhbatlardan ko‘ra yaxshidir. Inson har narsadan ko‘proq o‘z tili tufayli baloga yo‘liqadi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
25.02.2022-yil
AJOYIB QISSA
Kunlarning birida qurbaqalarning to‘dasidan ikki qurbaqa chuqurlikka tushib ketibdi.
Barcha qurbaqalar chuqurlik tepasida jamlanib olib, “Bo‘ldi endi, shu yerda o‘lib ketasizlar, hadeb sakrayverishdan foyda yo‘q” der edilar. Uzoqqa bormay ikki qurbaqaning biri qo‘rquv va qattiq tushkunlik oqibatida nobud bo‘ldi.
Ikkinchi qurbaqa esa tinmay sakrashda davom etar edi. Har safar sakraganda, ilgarigisidan balandroq sakrar edi. Ammo, yuqoridagi qurbaqalar hamon: “Bo‘ldi qil endi, foydasi yo‘q” deb takrorlar edilar.
Ko‘p o‘tmay boyagi qurbaqa chuqurdan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Tepadagi qurbaqalar qattiq taajjubda undan so‘rashibdi: “Qanday buni uddalay olding?!”
U jim turardi. Keyin bilsalar, uning quloqlari eshitmas ekan.
Har safar uni sakrashdan qaytarganlarida, qo‘llab-quvvatlamoqdalar deb o‘ylab, bu mushkul ishning uddasidan chiqqan ekan.
“Balki, eng zo‘ri bo‘lishingizga insonlarning siz haqingizdagi gaplari to‘sqinlik qilayotgandir”…
24.02.2022-yil
KASAL KO‘RISH QOIDASI
Uch-to‘rt ezma bir ulug‘ zotni ko‘rgani borib, uzoq o‘tirib qolibdi. Bu narsa bemorga ancha malol kelibdi. Ketayotgan chog‘da ular bemorga:
– Vasiyating bo‘lsa, bizga aytib qo‘ya qol, – deyishsa, bemor:
– Vasiyatim shuki, – debdi, – bundan keyin kasal ko‘rgani borganlaringda uzoq o‘tirib, bemorni toliqtirib qo‘ymanglar.
“Donolar suhbati” kitobidan.
23.02.2022-yil
TARBIYA MEVASI
“Ravzai xuld” asarining muallifi Mavlono Majdiddinning yozishicha, u bir kuni Yazd shahrida va’z aytayotgan ekan. Gap ota-ona haqida ketayotgan paytda bir qariya o‘rnidan turib, yig‘laganicha:
– Ey Mavlono, otasining soqolidan tutib, boshiga kaltak bilan urgan farzand haqida nima deysan? – deb so‘radi.
Men undan:
– Otasi uni nima ishga o‘rgatgan edi? – deb so‘radim.
U esa:
– Eshakni ijaraga berishga, – deb javob berdi.
– Ayb uning otasida, – dedim unga, – bolani yoshligidan ilm o‘rganishga jalb qilganida va yaxshi kishilar suhbatiga yuborganida, undan bunday ish sodir bo‘lmas edi. Ota bunday qilish o‘rniga eshakni ijaraga berishga o‘rgatibdi. Natijada, bola eshakni jilovidan tortib, boshiga cho‘p bilan urishga o‘rganib qolgan. U o‘z otasining soqolini eshakning jilovi, deb o‘ylab tortgan, boshiga esa eshakning boshi deb yog‘och bilan tushirgan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
22.02.2022-yil
TAMAGIRNING JAZOSI
Bir kuni Abu Nuvas suv ichmoqchi bo‘lib, idish topolmadida, qo‘shnisiga murojaat qildi:
– Qo‘shni, kosangizni berib turmaysizmi?
Bir haftadan keyin qo‘shni kosasini so‘rab chiqdi. Shoir uni qaytardi, lekin kosaning ichida piyola ham bor edi.
– Piyola meniki emas, – dedi qo‘shni.
– Gapingiz to‘g‘ri, – deb javob berdi Abu Nuvas. – Lekin men birovning buyumiga ko‘z olaytiradigan odam emasman. Bergan kosangiz homilador ekan. Ko‘zi yoridi. Mana, ona-bolani sizga qaytaryapman.
Lol qolgan qo‘shni Abu Nuvasning halolligini ko‘klarga ko‘tarib maqtadi.
Bir necha vaqt o‘tgach, Abu Nuvas yana kosa so‘radi. Kosani unga bajonidil berishdi. Bu gal kosa Abu Nuvasnikida bir oy qolib ketdi.
Nihoyat qo‘shni yana kosasini so‘rab chiqdi. Abu Nuvas javob berdi:
– O, sho‘rlik kosa, umri qisqa ekan, vafot etdi.
Qo‘shnining jahli chiqdi.
– Nima deb valdirayapsiz? Kosa ham vafot etadimi?
– Xo‘p g‘alati odam ekansan- ku? – deb e’tiroz bildirdi Abu Nuvas. – Kosa tug‘di deganimda ishongan eding. Nega endi uning o‘lganiga ishonmaysan?
Qo‘shnisi Abu Nuvasni qoziga olib bordi. Qozi shunday hukm chiqardi:
– Nimaiki tug‘adigan bo‘lsa, u vafot ham etadi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
21.02.2022-yil
AYB DARHOL KO‘ZGA TASHLANADI
Bir oqil, hunarmand, notiq, solih, xullasi kalom, har jihatdan yetuk yigit bor edi. Uning ilmi, xulqi va oliyjanobligiga hamma tan bergan edi. Birgina aybi – “sh” harfini talaffuz qilolmas edi. Birov aytdi:
– Oldingi tishlari yo‘qmi nima balo?
Bu gapni eshitib, bir donishmand dedi:
– Bir dunyo fazilatidan ko‘z yumib, shu birgina aybini ko‘rdingmi?
“Donolar suhbati” kitobidan.
18.02.2022-yil
HASAD VA G‘IYBAT
Bir shogird ustoziga shikoyat qildi:
– Falon kishi meni ko‘rolmaydi – hasadning zo‘ridan tars yorilib ketay deydi.
Ustozi bunga javoban dedi:
– Xo‘sh, hasad-ku yomon ekan, lekin kim senga g‘iybat yaxshi deb aytdi?! Boshqalarni yomonlagan kishi seni ham birovga yaxshi demaydi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
17.02.2022-yil
TAMAKINING “FOYDA”SI
Savdogarlar birinchi marta bozorga tamaki olib kelishganida bir donishmand odamlarga qarata:
– Tamaki sog‘liq uchun koni zarar – cheka ko‘rmang, – degan ekan, hech kim qayrilib qaramay tamakining bozori kasod bo‘libdi. Bundan norozi bo‘lgan savdogarlar donishmandning huzuriga borib, o‘z fikrini o‘zgartirishini iltimos qilishibdi. Shunda donishmand odamlar oldiga chiqib:
– Xaloyiq! Tamaki chekkanlarni it qopmaydi, ularning uyiga o‘g‘ri tushmaydi, kashanda sira qarimaydi, – debdi.
Odamlar hayron bo‘lib so‘rashibdi:
– Bu qanaqasi? Avval tamaki koni zarar – zinhor cheka ko‘rmang! – deb ogohlantirgan edingiz. Endi buning aksini aytayapsiz.
Donishmand o‘z fikrlarini shunday izohlabdi:
– Tamaki chekkan kishi hassaga tayanib qoladi – hassalik kishiga it yaqinlashmaydi. Kashanda tuni bilan yo‘talib chiqadi – uy egasi uxlamagan ekan, deb o‘g‘rilar qaytib ketadi. Chekuvchi kishiga ko‘pincha baxtli keksalik gashtini surish nasib etmaydi – u yosh o‘lib ketadi.
Sog‘lig‘ingizni qadriga yeting. Umringizni xazon etmang.
“Donolar suhbati” kitobidan.
16.02.2022-yil
HAR KIM O‘ZI INTILSIN
Ulug‘ bir qabilaga mansub bir kishi Amir Ismoil Somoniyga murojaat qilib xat yozibdi. Shunda Ismoil uning xatiga shunday deb javob yozibdi:
– Ajdoding shuhratiga suyanma, o‘zingga o‘zing shuhrat top.
Bu to‘g‘rida bir yunonlik aytgan ekan: kimda-kim qarindoshlari sababli o‘ziga obro‘, yaqinlik axtarsa va o‘lgan ajdodlari bilan faxrlansa, o‘sha kishining o‘zi o‘lik va ajdodlari tirik sanaladi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
15.02.2022-yil
OCHKO‘Z
Alisher Navoiy hikoya qiladi:
Mirzo Abu Said zamonida jum’a kuni Hirot shahri ichidagi masjidi jome’da jum’a namozini ado qilgandan keyin xiyobonda sayr qilish uchun o‘sha tomonga jo‘nadim. Mufarrih ko‘chasiga yaqinlashganimda boshyalang va oyoqyalang holda o‘tirgan bir gadoyni ko‘rdim.
U aytar edi:
– Ayolmand bir kishiman, bir necha och-yalang‘och bolalarim bor, ertalabdan buyon o‘tirib tilanaman, hozirgacha hech kim bir pul bergani yo‘q.
O‘sha vaqtda yonimda bir tanga bor edi, undan boshqa dunyo molidan hech narsam yo‘q edi. O‘z-o‘zimga shunday dedim: tavakkal qilib, bu tangani shu darveshga bersang, toki xotin, bola-chaqalarining bugungi ovqatini to‘g‘rilasa, sening esa ertalik rizqingni Xudoning o‘zi yetkazar.
Tangani unga berib, o‘tib ketdim. Namozshomgacha xiyobonda sayr qilib yurib, qaytishda ko‘rdimki, haligi darvesh o‘sha joyda o‘tirib, ilgarigi so‘zlarni aytib tilanardi. Uning haddan tashqari yolg‘onchiligi va gadoylikdagi o‘ta harisligidan taajjublandim. Ammo bu ishdan xabardor bo‘lganimni unga bildirmadim.
Bir oʻylab koʻring, qiynalib topganimizni kimlaraga sadqa qilyapmiz.
“Donolar suhbati” kitobidan.
11.02.2022-yil
ZAROFAT
Bir kuni Alisher Navoiy bilan Husayn Boyqaro o‘rtasida nozik suhbat bo‘lib o‘tdi. Navoiy Boyqaroning qulog‘iga sirli bir so‘zni shivirlab:
– Siz bu so‘zlarni tezda unuting, – dedi.
Sulton Husayn shu lahzada javob qildi:
– Qaysi so‘zlarni?
HUSAYN BOYQARO (1438 — Hirot — 1506), Husayniy (toʻliq nomi Husayn ibn Mirzo Mansur binni Mirzo Boyqaro) — Xuroson hukmdori (1469—1506), shoir. XV-asr oʻzbek mumtoz adabiyotining namoyandalaridan. Temuriylardan Umarshayx Mirzoning evarasi. Onasi Feruzabegim temuriylardan Mironshohning nabirasi. Husayn Boyqaro, Bobur Mirzo taʼriflaganidek, ikki tomonlama ulugʻ «karim ut-tarafayn» boʻlgan, yaʼni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Koʻragonga borib tutashadi.
ZAROFAT [a. ظرافت – zukkolik; goʻzallik] Hozirjavoblik, qochirim gaplarga ustalik.
“Donolar suhbati” kitobidan.
08.02.2022-yil
BIR BAYTNING QUDRATI
Mavlono Lutfiy o‘z davrining mashhur shoiri – malik ul-kalomi edi. Undan ilgari turkiy she’rni hech kim Lutfiydan o‘tkazib ayta olmagan. Alisher Navoiy uni o‘zining ustozi deb bilardi.
Bir kuni Lutfiy huzuriga borganida u yosh Alisherdan yangi yozgan she’rlaridan birini o‘qib berishini so‘raydi. Navoiy:
Orazin yopqach ko‘zumdin sochilur
har lahza yosh,
O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz,
nihon bo‘lg‘ach quyosh.
– matlasi bilan boshlanadigan g‘azalini o‘qiydi.
Bu ajoyib g‘azaldan nihoyatda ta’sirlangan keksa shoir:
– Agar mumkin bo‘lsa, men o‘zimning forsiy va turkiyda aytgan o‘n-o‘n ikki ming baytimni shu birgina g‘azalga almashar va bu ishning amalga oshishini zo‘r muvaffaqiyat deb hisoblar edim, – deydi.
LUTFIY (1366 – Hirot – 1465), Mavlono Lutfiy — o‘zbek shoiri, orif va mutafakkir.
O‘z zamonining “malik ul-kalomi”.
“Donolar suhbati” kitobidan.
07.02.2022-yil
Orazin yopqach ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh.
Qut bir bodomu yerim go‘shan mehrob edi,
G‘orati din etti nogah bir baloliq ko‘zu qosh.
Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andog‘ki aylar mehr fosh.
Bo‘sa-e qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam og‘zi ichra aytur la’l ham bor nav’ tosh.
Novaking ko‘nglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko‘nglum bila jonim talosh.
Umri jovid istasang fard o‘lki, bo‘ston Xizridur,
Sarvkim da’b ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo‘ygusidir barcha bosh.
SHAFQAT
Xusayn Boyqaro Marvda qishlab qolganida Alisher Navoiy ham u bilan birga edi. Bir g‘urrak uning chodiriga kirib-chiqib yurdi, hech kim unga teginmagani uchun u yerga uya yasab, tuxum ham qo‘ydi.
Sulton Hirotga qaytishga farmon berganida g‘urrak hali tuxumini ochmagan edi. Shafqat-muruvvat koni bo‘lgan Amir qushga ozor berishni xohlamay:
– G‘urrak tuxumini ochib, bolalarini uchirma qilmaguncha chodir shu yerda qoldirilsin, – deb buyurdi. Hatto uning muhofazasi uchun kishi qoldirdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
03.02.2022-yil
RAHMDILLIK
Alisher Navoiyning jamoa bilan masjidda asr namozini ado etgach, namozga kelmaganlarni surishtirish odati bor edi. Bir kuni bu odatiga xilof ravishda shoshilinch namozini o‘qiydida, hech kim bilan ishi bo‘lmay bog‘iga yo‘l oladi. Odamlar hayron bo‘lib, buning sababini so‘raganlarida shunday javob qiladi:
– Men masjidga kelayotib, falon joyda tahorat olgan edim. Namoz uchun safga turganimda yelkamda bir chumoli ko‘rdim. Uning tahorat joyida menga ilashganini bilib, uyini topolmay ozor chekmasin deb, darhol uyasiga olib borib qo‘ydim va bir gunohsiz jonivorning uvoliga qolishdan qutuldim.
“Donolar suhbati” kitobidan.
02.02.2022-yil
IKKI OLIM
Qadim zamonda farangistonlik ikki olim Hindistonga kelishgan ekan. Ularni Bombey rojasi qabul qiladigan bo‘libdi. Olimlar saroy darvozasidan kirishlari bilan ikki tomonda saf tortgan mulozimlari ular bo‘yniga gulchambar ilaveribdi.
Mehmonlardan biri beibo, shuhratparast ekan. U bir-ikki qadam oldinda shoshib borib, ikki tomonga ham bo‘ynini cho‘zib, gulchambarlarni ilib olaveribdi. Ikkinchisi esa xokisor va tortinchoq bo‘lgani tufayli gardanida birgina gulchambar bilan uning ketidan ketaveribdi.
Ular shu zaylda Rojaga yaqinlashibdilar. Roja qarasa, hamma gulchambar bir olimning bo‘yniga ilinayotibdi.
– Bu nimasi, anavi mehmonga qaranglar, – deb o‘shqiribdi u mulozimlarga.
Shunda barcha mulozimlar kamtarin olim tomon yuguribdi. Oxirgi ikki gulchambar shaxsan rojaning o‘zidan bo‘lib, ularga bir shodadan marvarid ham qo‘shilgan ekan. Shoshib qolgan mulozimlar bilimdonlikda sherigidan o‘tsa-da, o‘zi kamtarin va xokisor olim bo‘yniga ularni ilishibdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
01.02.2022-yil
BIR OG‘IZ SO‘Z
Bir donishmand birovning katta toshni dast ko‘targanini ko‘rib so‘radi:
– Buni nima qilmoqchisan?
– Meni xafa qilgan odamning boshini yanchib tashlamoqchiman.
– Shunday og‘ir toshni ko‘targan odam bir og‘iz so‘zni ko‘tarolmaydimi?
“Donolar suhbati” kitobidan.
31.01.2022-yil
ONA DUOSI
Xo‘ja Hofizning otasi yosh o‘lib, oila tang ahvolga tushib qoladi. Ular oilada uch o‘g‘il bo‘lib, ikki akasi kun ko‘rish uchun boshqa shaharga ish qidirib ketadilar. Onasi bilan qolgan kichkintoy Muhammad bir novvoyga shogird tushib, yarim tundan to tongga qadar non uchun xamirturush tayyorlar, ming mashaqqat bilan topgan pulini uchga taqsimlab, bir qismini onasi bilan o‘zining tirikchiligiga ishlatar, ikkinchi qismini tahsil olishga sarflar, uchinchi qismini beva-bechoralarga xayru ehson qilar edi.
Onalarini tashlab ketgan akalarining nomi tarixdan o‘chib ketdi, Muhammad esa ulug‘ shoir bo‘lib yetishib, olamni zabt etdi.
Xo‘ja Shamsuddin Muhammad Hofizi Sheroziy –
Tojik va fors shoiri, so‘fiy va Qur’on hofizi. (1325-1389).
“Donolar suhbati” kitobidan.
28.01.2022-yil
USTOZ OTADEK ULUGʻ
Sa’diy Sheroziy zamonida bir boyvachcha mantiq ilmidan saboq olish uchun bir olimga shogird tushibdi. Bir necha yil o‘qish-o‘rganishdan so‘ng mustaqil ish yuritish uchun fotiha olish niyatida dasturxon tuzab, ustozi bilan bir necha kishini chorlabdi. Mehmonlar orasida Shayx Sa’diy ham hozir ekan. Boyvachcha hech kimga so‘z bermay o‘z otasi va ustozini bir mavqega qo‘yib:
– Mening ikki otam bor, mana shu ikki otam meni shu darajaga yetkazishdi, biri tuqqan otam, ikkinchisi ustozim falonchi, – deb mahmadonalik qilavergan ekan, Shayx Sa’diy o‘ziga xos hazilkashlik bilan debdi:
– Ustozni “otam, otam” degan bilan ish bitmaydi – bu go‘yo onangni ustozga benikoh bergandek bo‘ladi. Aslida, ustozim otamdek ulug‘, deb aytgin. Zero, otang seni osmondan yerga olib tushgan bo‘lsa, ustoz seni qaro tuproqdan osmon avjiga ko‘taradi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
27.01.2022-yil
OLTINGA TENG BAYT
Sa’diy Sheroziy Suriyada yashagan chog‘ida mamlakat podshohining odil va dono, ishi serma’no, har bir so‘zi burro vaziri bor ekan. Vazir ancha yoshga kirib keksayib qolibdi, davlat ishlaridan ham juda tolibdi va o‘zi tarbiyalab yetishtirgan shogirdlaridan birini o‘z o‘rniga qo‘yibdi. O‘zi esa go‘shanishinlikni ixtiyor etibdi. Ammo uning o‘rniga bo‘lgan vazirning, aqli sag‘ir, farosati yag‘ir chiqibdi. Ishlarida xom-xatalalik sodir bo‘la boshlabdi, atrofidagi odil va oqil kishilar ko‘zini yoshlabdi. O‘zbilarmonlik bilan hech kimga quloq solmas, hech kimsani, hatto o‘z ustozini ham nazarpisand qilmas, ba’zan esa unga so‘z nashtarini sanchishdan toymas ekan.
Sobiq vazir “falak o‘yini”ning birinchi zarbasigayoq dosh berolmay oh chekib o‘tirganida Sa’diy uning huzuriga kirib qolibdi, voqeadan xabar topib, shunday debdi:
Arzon tosh sindirsa zar kosani gar,
Tosh narxi oshmaydi, pastga tushmas zar.
Sobiq vazir gap tagiga yetib, chuqur xo‘rsinibdi.
Muslihiddin Sa’diy Sheroziy (1203-1292)
Mashhur fors-tojik shoiri, adibi va mutafakkiri.
“Donolar suhbati” kitobidan.
25.01.2022-yil
SO‘NGI TILAK
Abu Bakr al-Xorazmiy o‘lim to‘shagida edi. Undan:
– Ko‘ngling nimani xohlaydi, ishtahang nimani tusamokda? – deb so‘radilar.
– Kitob yuziga bir qarasam, – dedi u.
Abu Bakr kunyasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Bakr Muhammad ibn al-Abbos al-Xorazmiy X asrda yashab ijod etgan. Manba’larda asli tabaristonlik, tug‘ilib o‘sgan joyi Xorazm deb ko‘rsatilgan. U o‘z davrining taniqli shoiri va adiblaridan bo‘lgan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
21.01.2022-yil
IMKONIYAT VA ME’YOR
Nosir Xisrav1 “Safarnoma” asarida yozadi:
Tosh devor bilan o‘rab olingan Muarritunnu’mon degan shaharda Abul A’lo Maariy2 ismli ko‘r odam bo‘lib, u shahar hokimi edi. U behisob boylik sohibi bo‘lib, juda ko‘p qul va xizmatkorlari bor emish. Ammo o‘zi zohidona3 hayot kechirar, oddiy va arzon liboslar kiyib, uyidan chiqmay xonanishinlik qilar ekan. Tirikchilik uchun har kuni o‘ziga yarim man4 arpa non berishlarini tayinlagan va shundan boshqa narsa yemas ekan.
Bir kishi undan so‘rabdi:
– Xudoyi taborak va taolo hisobsiz oliy ne’matlarni senga ato etmish. Nega undan boshqalarga bergansan-u, o‘zing foydalanmaysan?
– Iste’mol qila olganim qadar ne’matlargina menikidir, – deb javob beribdi u.
- Nosir Xisrav – mashhur fors-tojik shoiri va mutafakkiri (1004-1088).
- Abul A’lo Maariy – mashhur arab shoiri va mutafakkiri.
- Zohidona – darveshona, taqvodorlarcha.
4. Man – 898,56 grammga teng og‘irlik o‘lchovi. Joyiga karab turli qiymatda bo‘lgan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
20.01.2022-yil
SABAB
Abu Nasr Farobiyning hikmat falsafasini o‘qishiga bir kishi sabab bo‘lgan ekan. O‘sha kishi unga Arastuning bir necha kitobini “Shu yerda tura tursin, keyin olib ketaman”, deb qo‘yib ketgani sabab bo‘lgan, deyishadi. Ittifoqo, kitoblarga ko‘zi tushib, ular Abu Nasrning ko‘ngliga ma’qul bo‘lib qoladi va o‘qishga kirishadi, natijada yetuk faylasufga aylanadi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
17.01.2022-yil
E’TIQOD
Qadim zamonlarda bir yurtga bosqinchilar bostirib kelibdi. Qirg‘in-barot urushlardan so‘ng yurt zabt etilibdi. Lekin xalqning erksevar farzandlari kelgindilarga qarshi kurashni aslo to‘xtatmabdilar. Shunda el sotqinlari bosqinchilar podshohiga shunday deyishibdi:
– Poytaxtimizda ulug‘ olim bor. Uni butun mamlakat ahli hurmat qiladi, fikrlari qanchadan-qancha odamlar uchun qoidaday gap. Agar u qo‘lga olinsa, maqsadga tez erishiladi.
Olim zudlik bilan toptirilibdi… Podshoh uni osmonlarga ko‘tarib maqtabdi. Ko‘p va’dalar beribdi. Va unga asosiy niyatini bildiribdi…
– Yo‘q, – debdi olim, – men vatanim, xalqim erkiga xiyonat qilmayman…
Uni hibsga olibdilar, ancha qiynoqlardan keyin yana shoh huzuriga keltiribdilar. Takliflarga baribir u ko‘nmabdi. Oxiri ko‘pchilik ishtirokida olimni o‘tga yoqishga hukm bo‘libdi. Ammo zolim hukmdor avval uning uyiga o‘t qo‘ydirtiribdi. Keyin ko‘z o‘ngida xotini va bolalarini shu alangada kuydirtiribdi. Navbat olimga kelganda unga debdi:
– Hozir o‘zing ham kulga aylanasan. Xo‘sh, nimang qoldi bu dunyoda?
– Sen johil va kuchsizsan, – debdi olov sari odimlay boshlagan olim. – Meni hech narsadan mahrum eta olganing yo‘q. Men hech qachon vatonHammasi o‘zim bilan birga!
“Donolar suhbati” kitobidan.
14.01.2022-yil
HAR SOHADA BENAZIR
Amir Sayfuddavla ibn Hamdon, Abu Nasr Forobiy bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan ekan.
Abu Nasr Damashqqa kelgach, Sayfuddavlaning huzuriga kiradi. Amir, odatiga ko‘ra, tevaragiga olimu fozillarni to‘plab, suhbatlashib o‘tirgan ekan. Abu Nasr amir dargohiga kirib kelganida u o‘zining turkona kiyimida bo‘ladi, odati bo‘yicha u doim shu kiyimda yurar edi. U asta ichkariga kirib keladida, amirga yuzlanib tippa-tik turib qoladi. Shunda amir unga qarab:
– O‘tir! – deydi.
Abu Nasr:
– Qaysi joyga – o‘z darajamga qarabmi yo sen aytgan joygami? – deydi.
– O‘z darajangga qarab o‘tir, – deydi Sayfuddavla.
U dadil yurib, to‘rga ravona bo‘ladi – to‘g‘ri Sayfuddavla o‘tirgan kursi oldiga kelib to‘xtaydi. Hatto amirni o‘tirgan joyidan sal nariga surib ham yuboradi.
Odatda, Sayfuddavlaning huzurida mamluklar – xizmatkorlari hoziru nozir bo‘lguvchi edi. Amir bo‘lsa, ko‘pchilik odamlar oldida gapirib bo‘lmaydigan bekitiqcha gaplarini o‘zi va o‘sha xizmatkorlari biladigan maxsus tilda gaplashardi. Bu tilni ulardan boshqa hech kim bilmas edi. Shunda amir o‘sha tilda o‘z odamlariga qarab:
– Qanday beodob chol ekan! Hay, mayli, men undan ba’zi narsalarni so‘rayman, agar to‘g‘ri javob berolmasa, boplab adabini berib qo‘yasizlar, – deydi.
Amir shunday deyishi bilan Abu Nasr o‘sha tilda unga qarab:
– Ey amir, bir oz sabr qil, chunki har bir ishning oqibatiga qarab hukm chiqariladi, – deydi.
Abu Nasrning bu gapidan Sayfuddavla dahshatga tushadi. Keyin unga:
– Bu tilni bilasanmi? – deydi.
Abu Nasr unga javoban:
– Ha, – deydi, – men yetmishdan ortiq tilni bilaman.
Abu Nasr shu gapni aytishi bilan amir unga boshqacha qaray boshladi va hozir bo‘lgan olimlar bilan har xil fanlardan gaplashib ketdi. Shunda Abu Nasrning har jihatdan ustunligi ayon bo‘ldi, bora-bora yig‘ilganlarning ko‘pchiligi suhbatni to‘xtatib, jim qoladilar, faqat Abu Nasrgina suhbatni davom ettirar edi. Uning og‘zidan chiqqan har bir gapni majlis ahli yozib olar edilar. Oxiri Sayfuddavla olimlarni jo‘natib yuborib, Abu Nasr bilan yolg‘iz qoladi. Amir o‘z suhbatdoshiga qarab:
– Biror narsa yeyishga qalaysan? – deydi.
Abu Nasr unga:
– Hech narsa yemayman, – deydi.
– Biror narsa ichishga-chi? – deydi amir.
– Yo‘q, – deydi Abu Nasr.
– Bo‘lmasa, biror kuy eshitishga rag‘bating bormi? – deydi amir.
– Ha, bor, – deydi Abu Nasr.
Sayfuddavla mashshoqlarni chaqirtiradi.
Mashshoqlar qaysi kuyni chalsa, Abu Nasr sen falon joyda falon xatoga yo‘l qo‘yding, deb uning kamchiligini ko‘rsatib turardi. Buni ko‘rib, Sayfuddavla Abu Nasrdan:
– Bu san’atdan ham xabaring bormi, deyman, – deb so‘raydi.
– Ha, – deydi Abu Nasr. U shunday dedi-yu, belidagi to‘rvasini ochib, undan bir necha cho‘pni olib, ularni bir-biriga uladi, so‘ng chalib mashq qila boshlagan edi, davrada o‘tirganlar o‘zlarini tutolmay kula boshlashdi. Keyin olim o‘sha cho‘plarni boshqacha qilib biriktirib chalgan edi, yig‘ilganlar piq-piq yig‘lashga tushishdi. Olim cho‘plarni boshqacha tartibga solib chalgan edi, amirdan tortib darvozabongacha hamma dong qotib uxlab qoldi.
Amir Sayfuddavla – Halab (hozirgi shimoliy Suriya) amiri (916-967).
Forobiy, taxallusi; toʻliq nomi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ Tarxon Forobiy (873, Forob shahri — 950, Damashq) — Oʻrta Osiyoning mutafakkiri va qomusiy olimi. Yunon falsafasini chuqur bilgani, unga sharxlar bitganligi va jahonga targʻib qilgani hamda zamonasining ilmlarini puxta oʻzlashtirib, fanlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgani uchun “al Muallim assoniy” (“Ikkinchi Muallim”, Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” nomlariga sazovor boʻldi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
13.01.2022-yil
BILMASLIK UYAT
Arastu nihoyatda qarib va bukchayib qolganda, hayotining gulzorida xazon mavsumi boshlanganda va o‘lim elchisi xavfu xatar solib turganda musiqa ilmini o‘rganishga kirishdi. Do‘stlaridan biri unga:
– Go‘ru kafan haqida o‘ylash lozim bo‘lgan bir paytda, tanbur chertishdan uyalmaysanmi? – dedi.
Hakim unga:
– Bilmaslik og‘ir aybdir, ana shundan uyalish kerak, – dedi.
Arastu – buyuk yunon faylasufi Aristotel (miloddan avvalgi 384-322).
“Donolar suhbati” kitobidan.
12.01.2022-yil
O‘ZLIGINGNI TANI
Suqrot yo‘ldoshlari bilan sayohat qilib yurib, umumyunon diniy markazi hisoblanmish Delfa shahriga boradi va u yerdagi mashhur Delfa ibodatxonasini ziyorat qiladi. Ibodatxonaning peshtoqiga “O‘zligingni tani”, deb yozib qo‘yilgan ekan. Bu hikmat Suqrotga juda qattiq ta’sir qiladi – u ko‘pdan beri izlayotgan narsasini topganday, ko‘p jumboqlarni yechishga yordam beradigan kalitni qo‘lga kiritganday xursand bo‘ladi. Shundan keyin bu hikmatga qattiq amal qilib, o‘zidagi fazilatlar va nuqsonlarni o‘zidan izlab yashay boshladi. Shu asnoda Suqrot juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ulug‘ kashfiyotlar qiladi.
Suqrot – qadimgi yunonistonlik mashhur hakim va faylasuf Sokrat (miloddan avvalgi 469-399).
“Donolar suhbati” kitobidan.
11.01.2022-yil
YO‘LDA TOPILGAN BOYLIK
Xitoyda hokimlardan biri asosiy yo‘l ustiga katta tosh qo‘yib yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Tosh yaqinidagi daraxt ortiga bir poyloqchi qo‘yib odamlarning gaplarini yetkazishni buyurdi. Birinchi o‘tgan kishi shaharning eng katta savdogari bo‘ldi. Toshni ko‘rib, qovog‘ini chimirdi. Toshni kim qo‘ydirganini bilmagan holda ovozini baland qilib tanqid qila ketdi. Toshni aylanib o‘tib, bu ishni qilganni jazolash kerak, shikoyat qilaman, deb yo‘lida davom etib ketdi.
Ikkinchi odam o‘tdi. U muhandis edi. Savdogar kabi baqir-chaqir qildi. Lekin uning ovozi biroz pastroq edi.
So‘ngra o‘zlari haqida gaplashib kelayotgan uchta do‘st tosh oldida to‘xtadi. Yo‘l ustiga tosh qo‘ygan odamni tentak, ahmoq, esipast, deb haqorat qilishdi. So‘ng uylariga qaytdilar. Oradan ikki kun o‘tdi. Ittifoqo, shu yo‘ldan bir oddiy dehqon o‘tib qoldi. Toshni ko‘rdi-yu, biror og‘iz gap aytmadi. Yengini shimarib, atrofdagi odamlarni yordamga chaqirib toshni bir chekkaga surib qo‘yishdi. Qarasalar, tosh tagida kovlangan chuqurda sandiq turibdi. Sandiq ichida bir bo‘lak oltin turardi. Uning yonida parcha qog‘ozga ushbu satrlar yozib qo‘yilgandi:
Hokimdan ushbu toshni chetga olgan kishiga!
Bu mukofot mushkul ishni shikoyat qilmay, ijobiy yondashgan kishi uchundir.
Taassuflar bo‘lsinkim, bugun aksariyatimiz faqat nolishni va mas’ullarni so‘kishni bilamiz, biroq amalda hech nima qilmaymiz!!!
Hayotiy saboqlar
10.01.2022-yil
MARHUMLARNI YOD ETING
Suqrotni qatl etish uchun olib borayotganlarida shogirdlari yig‘lab so‘rashdi:
– Ustoz, vasiyatingizni ayting, qayerga dafn etaylik?
Suqrot tabassum qilib dedi:
– Qayerga dafn etishlaringizning farqi yo‘q, faqat meni yod etib tursalaringiz bas.
“Donolar suhbati” kitobidan.
08.01.2022-yil
MAHRUMIYAT VA MUYASSARIYAT
Bir kishi Suqrotga:
– Sen o‘zingni dunyo ne’matlaridan mahrum qilgansan! – deb qoldi. Suqrot undan:
– Ne’mat nima? – deb so‘radi.
U kishi:
– Semiz barra go‘shti yeyish, sharob ichish, chiroyli kiyinish, go‘zallar bilan ishrat qilish, – deb javob berdi.
Suqrot unga shunday dedi:
– Bu narsalarning hammasini to‘ng‘iz, maymun va darranda hayvonlarga o‘xshashni xohlaydigan kishilarga havola qildim. Bu toifa odamlar o‘z qorinlarini hayvonlar qorni kabi shishiradilar, ruh imorati o‘rniga, badan imoratini tiklaydilar.
“Donolar suhbati” kitobidan.
07.01.2022-yil
NOHAQ HUKMGA HAQ JAVOB
Suqrotning o‘limga hukm etilganini eshitgan xotini:
– Seni nohaq o‘ldirishyapti, – deb yig‘lay boshlabdi.
– O‘chir, – debdi Suqrot. – Hali meni haq bo‘la turib o‘ldirishlarini istabmiding?!
“Donolar suhbati” kitobidan.
06.01.2022-yil
BOY VA DONISHMAND
Suqrot bir boy bilan yo‘lga chiqqan ekan. Shu o‘rtada qaroqchilar izg‘ib yuribdi, degan xabarni eshitib qolishibdi.
Boy:
– Obbo, Xudo urdi! Ular meni tanib qolsa, nima bo‘ladi? – desa,
Suqrot:
– Meni tanimay qolsa, nima qilaman? – debdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
05.01.2022-yil
SABOQ
Luqmoni hakimni bir kishi o‘zining qochib ketgan quli gumon qilib, tutib olibdi va imorat qurdirish uchun loyga solibdi. Imorat bitganda qochoq qul topilib, haqiqat ayon bo‘libdi. Shunda u kishi Luqmondan kechirim so‘ragan ekan, Luqmon unga:
– Avvalambor, men kechirdim deganim bilan bir yillik ezilganimni hech qachon esdan chiqara olmayman. Ikkinchidan, bu bir yil men uchun bekor ketgani yo‘q, mening ham qulim bor edi, unga eng og‘ir ishlarni buyurar edim. Endi unday qilmayman, – degan ekan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
29.12.2021-yil
DONOLIK YO‘LI
Luqmoni hakimning oldiga bir guruh kishilar mehmon bo‘lib kelishadi. Undan hikmatga oid narsalardan so‘rashdi. Shunda kelganlardan biri:
– Ey hakim, sen falon yerda cho‘ponlik qilgan kishi emasmisan? – deb so‘rab qoldi.
– Ha o‘sha cho‘ponman, – deb javob berdi Luqmon, – hozir ko‘rib turibsanki, hakimman.
– Bu darajaga qanday erishding? – deb so‘radi u.
Luqmoni hakim unga:
– To‘g‘ri so‘zlashdan, odamlarga yaxshilik qilishdan, omonatga xiyonat qilmaslikdan, yolg‘on so‘zlamaslikdan, behuda gapirmaslikdan, musibat va qiyinchiliklarga mardona chidashdan, o‘zini barchadan kam olishdan! – deb javob berdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
28.12.2021-yil
TIL VA YURAK
Luqmoni hakimni bir kishi sotib olib, dargohida xizmat qildirardi va undagi ilmi hikmatni gohi-gohida sinab ko‘rardi. Bir kuni imtihon tarzida buyurdi:
– Ey Luqmon, menga bir qo‘yni so‘yib, eng yaxshi a’zosini olib kelgin.
– Bosh ustiga, – dedi Luqmon va qo‘yni so‘yib, tili bilan yuragini xojasiga eltdi.
Ancha muddat o‘tgandan keyin xoja uni yana chaqirib, dedi:
– Ey Luqmon, bir qo‘yni so‘yginda, menga uning eng yomon a’zosini olib kelgin.
Luqmon qo‘yni so‘yib, yana tili bilan yuragini ko‘tarib keldi.
Xoja dedi:
– Nega qo‘yning eng yaxshi a’zosini so‘rasam ham, eng yomonini so‘rasam ham til va yurakni ko‘tarib kelding?
Luqmon dedi:
– Ey xoja, agar pok bo‘lsa, hech narsa til va yurakdan yaxshi emas. Agar nopok bo‘lsa, hech narsa ulardan yomonroq emas.
“Donolar suhbati” kitobidan.
24.12.2021-yil
ODOBNI ODOBSIZDAN O‘RGANDIM
Luqmoni hakimdan so‘radilar:
– Odobni kimdan o‘rganding?
– Odobsizdan, – javob qildi u.
– Iye, qanaqasiga? – hayron bo‘lishdi.
– Odobsizning qaysi ishi ko‘zimga yomon ko‘rindi, ulardan o‘zimni saqladim.
“Donolar suhbati” kitobidan.
23.12.2021-yil
DO‘STLARDAN AZIZ DUSHMAN
Luqmoni hakimdan:
– Barcha do‘stlardan ham aziz dushman qaysi? – deb so‘raganlari- da, u:
– Nafs, – deb javob bergan ekan.
“Donolar suhbati” kitobidan.
22.12.2021-yil
YOLG‘ON RIZQNI KAMAYTIRADI
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onaga yaxshilik qilish umrni ziyoda qiladi. Yolg‘on rizqni kamaytiradi. Duo qazoni qaytaradi”, dedilar”.
Daylamiy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda yolg‘onning bu dunyodagi zararlaridan biri – rizqni kamaytirishi zikr qilinyapti. Demak, Alloh taolo yolg‘onchi kishining uyidan, korxona boshlig‘ining korxonasidan, yolg‘onchi podshohning yurtidan barakani ko‘taradi, rizqlarini qisqartirib qo‘yadi. Ushbu haqiqatni bugungi kun tajribasida ham ko‘rib turibmiz.
Yolg‘onchiligi bilan tanilgan nusxalarning hayotiga nazar solsangiz, rizqi qisqaligini ko‘rasiz. Ular o‘zlarining yolg‘onchilik sifati ularga bu dunyo va oxiratda yaxshilik keltirmasligini teran anglab yetishlari kerak. Jumladan, bu dunyoda rizqlari tor bo‘lib, topganlari barakasiz bo‘lib, duch kelgandan qarz so‘rab yurishlari bejiz emasligini tushunishlari lozim.
Demak, bu dunyoyu u dunyoning baxtiga erishmoqchi va ikki dunyoning azob-uqubatidan, sharmandaligidan qutulmoqchi bo‘lsak, rizqimizning keng va serob bo‘lishini istasak, yolg‘ondan qutulishimiz lozim ekan. Bu ishda kattayu kichik, erkagu ayol, fuqaroyu amaldor, shohu gado barobar harakat qilmog‘i lozim. Ana shundagina yaxshilikdan umid qilsak bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni yolg‘onchilikdan va yolg‘onchilarning kasridan O‘zi asrasin! Omin!
“Yolg‘on” kitobidan.
21.12.2021-yil
UCH VASIYAT
Luqmoni hakim o‘limidan oldin o‘g‘liga uch vasiyat qildi: birinchisi – zinhor xotiningga siringni aytma, ikkinchisi – boylikka yangi yetishgan nokasdan qarz olma, uchinchisi – mirshab bilan do‘st tutinma.
Otasi vafot etgach, o‘g‘il bu uch vasiyatni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Bozordan bir qo‘y oldida, so‘yib qopga soldi. Og‘zini mahkam bog‘lab, uyga keltirdi. Xotini so‘radi:
– Bu qopda nima bor?
– Birovni bexos o‘ldirib qo‘ydim. Izni yo‘qotish uchun uni qopga solib olib keldim. Eringdan ayrilib qolishni istamasang, zinhor bitta-yarimtaga gullab qo‘yma, – dedi.
Keyin yangi boyigan kishidan qarz oldi.
Mirshab bilan do‘st tutindi.
Bir kuni xotini bilan gapi qochib, uni tutib urgan edi, yetti mahallani boshiga ko‘tardi:
– Voydod, musulmonlar! Erim odam o‘ldirib o‘rgangan, endi meni ham o‘ldirmoqchi!
Bu gapni darhol hokimga yetkazdilar.
– Qochib qolmasidan uni qo‘lga olinglar, – deb buyurdi hokim.
Uni kim tutib keladi? – deyishganida mirshab:
– Men uning uyini bilaman, – dedi. – O‘zim tutib kelaman.
– Ey do‘stim, meni qo‘yib yubor – qochib ketay, – deb iltimos qildi u. Lekin mirshab ko‘nmadi.
Voqeadan xabar topgan yangi boy o‘pkasini qo‘ltiqlab keldi:
– Qarzingni to‘lab qo‘y, o‘lib ketsang, men pulimga kuyib qolaman.
Birovdan olib, uning pulini to‘ladi.
Mirshab uni hokim huzuriga olib bordi. Hokim uni tanib:
– Luqmonday odamning o‘g‘liga shu ish munosibmi? – dedi.
– Ruxsat ber, o‘sha qopni olib kelishsin, – iltimos qildi u.
Qopni olib kelib, hokimning qoshida ochdilar – so‘yilgan qo‘y chikdi.
– Nima gap o‘zi? – dedi hokim. – Tushuntirib bersangchi?
U bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni hikoya qilib berdi:
– Otam menga uch vasiyat qilgan edi. Sinab ko‘ray deb shu ishlarni qildim. Otamning hamma gaplari rost chiqdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
20.12.2021-yil
HAR KIMGA NIYATIGA YARASHA
Luqmoni hakimning qo‘li ochiqligi, so‘raganga qarz berib, yozib qo‘ymasligini bilgan bir kishi yeb ketish niyati bilan undan ming tanga oltin oldi. Yo‘lda dam olgani o‘tirib, pulni qizil rangli bir matoga o‘rab qo‘ydi. Bir qush uni go‘sht xayol qilib olib qochdi va Luqmonning uyi ustidan uchib o‘tayotganida tumshug‘idan tushirib yubordi. Luqmon o‘zi bergan oltinlarni tanib, olib qo‘ydi. Haligi odam kelib, yana shu niyat bilan ming tanga oltin oldi. Lekin anhordan kechib o‘tayotganida uni suv olib ketdi. Anhor Luqmonning uyi yonidan o‘tar edi. Luqmon oltinni tanib, yana olib qo‘ydi. O‘sha odam uchinchi marta ham qaytarmaslik niyatida ming oltin olib, uni ham bir sabab bilan yo‘qotdi. To‘rtinchi marta nihoyat, savdo-sotiq bilan shug‘ullanish va foyda ko‘rsa, Luqmonga to‘rt ming qilib qaytarish niyati bilan ming oltin so‘radi. Bu gal foyda ko‘rdi va Luqmonga to‘rt ming oltin olib keldi, lekin Luqmon ming oltinni olib, qolganini qaytarib berdi.
“Donolar suhbati” kitobidan.
17.12.2021-yil
LUQMONI HAKIM HIKMATI
Luqmon – Dovud alayhissalom davrida yashagan qora tanli bir qul edi. Rivoyat qilishlaricha, u 1500 yil umr ko‘rgan. Bir kuni xojasi Luqmonga bug‘doy ekishni buyuradi. U esa arpa ekdi.
– Nega bug‘doy ek desam, arpa ekding? – deb xojasi unga zug‘um qildi.
– Nima, arpa eksa, bug‘doy unmaydimi? – o‘zini go‘llikka soldi Luqmon.
– Esing joyidami? – urisha ketdi xojasi.
– Kim arpa ekib, bug‘doy olibdi?
– Bo‘lmasa sen ham yomonlik qilib, yaxshilik umid qilma! – deydi Luqmon.
“Donolar suhbati” kitobidan.
16.12.2021-yil
…Bizning tariximizda Amir Temurdek ulug‘ siymo bor ekan, uning qoldirgan merosi, pandu o‘gitlari bugungi hayotimizga hamohang ekan, oldimizda turgan bugungi muammolarni yechishda bizga qo‘l kelayotgan ekan, bizning bu merosni o‘rganmasdan, ta’riflamasdan, targ‘ibot qilmasdan haqqimiz yo‘q.
Islom Karimov
- 1-qism
- 2-qism
- 3-qism
- 4-qism
- 5-qism
- 6-qism
- 7-qism
- 8-qism
- 9-qism
- 10-qism
- 11-qism
- 12-qism
- 13-qism
- 14-qism
- 15-qism
- 16-qism
- 17-qism
- 18-qism
- 19-qism
- 20-qism
- 21-qism
- 22-qism
- 23-qism
- 24-qism
- 25-qism
- 26-qism
- 27-qism
- 28-qism
- 29-qism
- 30-qism
- 31-qism
- 32-qism
- 33-qism
- 34-qism
- 35-qism
- 36-qism
- 37-qism
- 38-qism
- 39-qism
- 40-qism
- 41-qism
- 42-qism
- 43-qism
- 44-qism
- 45-qism
Agar bu zotni avliyo desak, u – avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak – mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak -shoirlarning sultonidir. Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi.
Islom Karimov.