“O‘zagrolizing” AJda yoshlar siyosati: barqaror taraqqiyotning asosiy ustuni mavzusida rahbariyat va jamiyat yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari A. Nasirdinov, markaziy apparat va hududiy filiallarda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar ishtirok etdilar. Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, tashabbuskorligini oshirish, bandlik va kasbiy rivojlanishini ta’minlash masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida A. Nasirdinov tomonidan Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlari xususida ma’lumotlar berildi. U, shuningdek, “O‘zagrolizing” AJ tizimida yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ularning malakasini oshirish, xorijiy tajriba asosida bilim va ko‘nikmalarini boyitish borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir doirasida yoshlarga o‘z fikr va takliflarini erkin bildirish, mavjud muammolarni rahbariyat bilan ochiq muloqot shaklida muhokama qilish imkoniyati yaratildi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, rahbariyat tomonidan amaliy javoblar olishdi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida ilg‘or tajriba almashinuvi, mehnat intizomi va samaradorligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikrlar almashildi.
Tadbir yakunida yoshlarga faol va tashabbuskor bo‘lish, kasbiy bilimlarini doimiy ravishda oshirib borish, Jamiyat ichki muhitida sog‘lom raqobat va do‘stona muhitni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu uchrashuv “O‘zagrolizing” AJda yoshlar bilan ishlashning samaradorligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va barqaror taraqqiyotga yo‘naltirish yo‘lida navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Loading

//