Yangi paxta terish mashinalari: Qoraqalpog‘iston fermerlari uchun yangi imkoniyatlar.
Beruniy tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Teshaev rahbarligida Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi paxta terish mashinasining ko‘rgazmali seminari tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassislar, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, fermerlar, tijorat banklari vakillari hamda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali mutasaddilari ishtirok etdi.
Seminar davomida xorijiy mutaxassislar tomonidan yangi turdagi paxta terish texnikasining texnik imkoniyatlari, unumdorligi va zamonaviy afzalliklari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, “O‘zagrolizing” AJ tomonidan ushbu texnikalarni imtiyozli kredit asosida va lizing orqali xarid qilish imkoniyatlari haqida fermerlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur tashabbus Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini modernizatsiya qilish va paxta terim mavsumini yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.