Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida paxta terimiga tayyorgarlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Joriy yilda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi paxta maydonlari zamonaviy talablarga mos tarzda, paxta terim kombaynlari yordamida terib olishga moslab ekildi. Ushbu jarayonlarni samarali tashkil etish maqsadida tumanga jami 15 ta paxta terim kombayni keltirilishi belgilangan.
Kuni kecha dastlabki 4 ta yangi kombayn Qiziltepa tumaniga yetkazildi. Tuman hokimi Bekzod Bobomurodov texnikalarni ko‘zdan kechirib, ularning imkoniyatlari, afzalliklari va ishlash tamoyillari bilan yaqindan tanishdi.
Paxta terim kombaynlarini hududlarga yetkazib berishda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati faol ishtirok etmoqda. Jamiyat tomonidan yetkazib berilgan texnikalar paxta hosilini qisqa fursatda, sifatli va tejamkor usulda yig‘ib olishga xizmat qiladi.
Tez kunlarda yana 11 ta paxta terim kombayni Qiziltepa tumaniga olib kelinib, fermer xo‘jaliklari tasarrufiga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa Navoiy viloyatida paxta terimi mavsumini o‘z vaqtida va samarali yakunlash imkonini beradi.