KPI samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Bugun “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv tizimini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish maqsadida KPI (Key Performance Indicator) bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi. Tadbirda Boshqaruv samaradorligi agentligi bosh inspektori S. Abdullayev ishtirok etib, boshqarma va bo‘lim boshliqlariga o‘z bilim va tajribalarini ulashdi.
Seminar davomida zamonaviy boshqaruvda KPI ko‘rsatkichlarining o‘rni va ahamiyati, ularni to‘g‘ri belgilash va natijadorlikka erishishda qo‘llash bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga xalqaro amaliyotda qo‘llanilayotgan samarali tajribalar misolida KPI ko‘rsatkichlarini joriy etishning afzalliklari va ularning tashkilot faoliyatiga ta’siri haqida ma’lumotlar yetkazildi.
Bosh inspektor S. Abdullayev boshqaruv samaradorligini oshirishda aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi muhim ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, KPI tizimining rahbarlar va xodimlar mas’uliyatini oshirish, ish jarayonlarini optimallashtirish hamda natijadorlikka yo‘naltirishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Amaliy seminar yakunida boshqarma va bo‘lim boshliqlari mavzu yuzasidan o‘z savollarini berib, tajriba almashdilar. Tadbir natijasida jamiyat faoliyatiga KPI ko‘rsatkichlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Loading

//