Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa – paxta terimida samaradorlikni oshiruvchi texnikalar foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilayotgani tufayli ekin ekishdan tortib, yig‘im-terimgacha bo‘lgan jarayonlarni mexanizatsiya asosida amalga oshirish ishlari jadal davom etmoqda.
Shu maqsadda Farg‘ona shahrida “Ferghana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co., Ltd” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 128 ta paxta terish mashinalarini viloyat fermer xo‘jaliklariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi mustaqillik bayrami munosabati bilan yig‘ilganlarni tabriklab, Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi texnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish borasidagi chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.
O‘tgan yilda viloyat bo‘yicha o‘rtacha 40 sentner paxta hosili olingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni kamida 50 sentnerga, kelgusida esa 70–80 sentnerga yetkazish rejalashtirilgani qayd etildi.
Viloyatda o‘tgan yili 60 ta paxta terish mashinasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 140 ta yangi “Swan Cotton” paxta terish mashinasi xarid qilinishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 128 tasi fermer xo‘jaliklariga topshirildi. Mavsumda jami 200 ta texnika ishtirok etishi natijasida paxta maydonlarining 60 foizida mexanizatsiyalashgan terim amalga oshirilishi, kelgusi yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 90 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mazkur jarayonda “O‘zagrolizing” AJning faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari paxta terish mashinalarini 20 foizlik dastlabki to‘lov bilan 10 yil muddatga lizing asosida xarid qilish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, davlat tomonidan xaridorlarga 15 foizlik subsidiyalar ajratilishi hamda yig‘im-terim mavsumida 1 tonna paxta uchun 1 million so‘m subsidiya berilishi amaliyotga joriy etilgani ham alohida ta’kidlandi.
Tadbirda korxona rahbarlari ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Fermer xo‘jaliklari vakillari esa yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar uchun Prezidentimiz hamda hukumatimizga chuqur minnatdorlik bildirdilar.
Marosim so‘ngida fermer xo‘jaliklariga yangi paxta terish mashinalarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.