Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar fermerlar imkoniyatini oshiradi.
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida fermer xo‘jaliklariga jami 82 dona zamonaviy paxta terish mashinasi lizing asosida topshirildi.
Mazkur tadbir “O‘zagrolizing” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida tashkil etildi. Yangi texnikalar hosildorlikni oshirish, yig‘im-terim jarayonini samarali tashkil etish va fermerlar mehnatini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi. Ular texnikalarning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, yangi mashinalar hududda paxta yig‘im-terim mavsumini samarali o‘tkazishda muhim rol o‘ynashini alohida ta’kidlashdi.
Fermerlar fikriga ko‘ra, bitta paxta terish mashinasi o‘rtacha 50 nafardan ortiq terimchi mehnatini bajarib, hosilni sifatli va tezkor tarzda yig‘ib olish imkonini beradi. Bu esa mehnat xarajatlarini kamaytirib, unumdorlikni oshiradi hamda hosilning sifatli yig‘ilishini ta’minlaydi.
“O‘zagrolizing” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar nafaqat qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, balki fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va bozorga raqobatbardosh mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.