“Paxta-2025”: Qorovulbozorda oʻtgan seminar “oq oltin”ni mashinada terish masalalariga bagʻishlandi.

Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani “Boʻzachi” MFY dagi “Zamir Amon” fermer xoʻjaligida viloyat qishloq xoʻjaligida jadal kirishilgan paxta yigʻim-terimi davrida yuqori unumli paxta terish agregatlaridan samarali foydalanishga bagʻishlangan koʻrgazmali oʻquv seminari tashkil qilindi.
Tuman hokimlari, ularning qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari, “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining viloyat filial vakillari agrar kompleksga daxldor korxona-tashkilotlar, agroklasterlar va ular bilan hamkorlikdagi fermerlar qatnashgan tadbirni viloyat hokimining oʻrinbosari Amrullo Nazarov olib bordi.
Qayd qilinganidek, joriy yil erta bahoridan viloyatda jami 3246 ta fermer xoʻjaligi va 11 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 85 ming gektarga serhosil paxta navlariga xos chigit ekib, agrotexnik talablar asosida gʻoʻza parvarishlandi. Shundan, 21,5 ming gektar maydonda xorijiy “Xin Lu Zao-57”, “Zhongmian-88” navlari tajriba-sinov tariqasida, 63,5 ming gektarda esa mahalliy “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10”, “Buxoro-102” navlari ekilib, dastlabki hisob-kitoblarga asosan, har bir gektardan oʻrtacha 43 sentnerdan oshirib, umumiy salmogʻi 372,3 ming tonnalik “oq oltin” xirmonini bunyod etish maqsad qilingan.
Bu yil ob-havoning paxtachilik uchun qulay kelganligi, suv taʼminoti, mineral oʻgʻit, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va boshqa moddiy resurslarning kafolatli taʼminlanishi natijasida dalalarda kutilgan hosil yetishtirildi. Hosilni nest-nobudgarchiliklarsiz yigʻib-terib olishda tumanlarda fermer xoʻjaliklari ishchilari, uyushmagan aholidan iborat jami 134 ming nafar atrofidagi terimchini oʻzida jamlagan 2310 ta terim otryadi shakllantirilgani holda ayni kunda joylarda “oq oltin” yigʻim-terimiga jadal kirishilgan.
Joriy kuzgi mavsumda yigʻim-terimga jalb qilingan texnikalarning tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni kunda viloyatda “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yetkazilgan 52 ta yangi zamonaviy paxta terish mashinasi shay qilingan.
“John Deere” va “FM-World” rusumli yuqori unumdor agregatlari qatoriga shu yil Xitoydan xarid qilingan “Boshiran” rusumli 35 ta yangi terim mashinasi qoʻshildi. Joriy yigʻim-terim mavsumida mazkur agregatlar kuchidan unumli foydalangan holda belgilangan maydonlarni mashinalarda terish ishlari tashkil qilinadi. Birgina Qorovulbozor kengliklarida esa mavsumoldi shay qilingan 16 ta paxta terim agregatidan samarali foydalanish koʻzda tutilgan.

Koʻrgazmali seminarda yigʻilganlar ishtirokida yangi zamonaviy rusumli paxta terim mashinalari dalada sinovdan oʻtkazildi va fermerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Loading

//