Xitoyning CMEC va YTO kompaniyalari delegatsiyasi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida.
Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi sanoat va qishloq xo‘jaligi texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyalari — China Machinery Engineering Corporation (CMEC) hamda YTO International Ltd. vakillaridan iborat delegatsiya “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiyaga CMEC kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh vakili janob Chen Pen rahbarlik qildi. Shuningdek, tarkibda CMEC biznes-menejeri, YTO International Ltd. bosh direktor o‘rinbosari hamda kompaniyaning boshqa mas’ul vakillari ham ishtirok etdilar.
Mehmonlarni Jamiyat boshqaruv raisi o‘rinbosari Azimjon Nasirdinov qabul qildi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston agrar sektorini modernizatsiya qilish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalarini mamlakatga olib kirish, shuningdek, fermer xo‘jaliklarini lizing asosida qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
CMEC vakillari O‘zbekistonda kompaniya tomonidan amalga oshirilgan yirik loyihalarni — Sherobod quyosh fotoelektr stansiyasi, Olimpiya shaharchasi hamda Qarshi gidroelektr stansiyasini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ularning fikricha, mazkur loyihalar O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikning amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, YTO International kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan traktorlar, kombaynlar va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini tanishtirib, ularni O‘zbekiston fermerlariga lizing asosida taqdim etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligi texnikasini modernizatsiya qilish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va agrar sohada yangi tashabbuslarni ilgari surish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.