Surxondaryoda paxta yig‘im-terimi zamonaviy texnikalar yordamida jadal tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, hosildorlikni oshirish va agrotexnik tadbirlarni ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etish yo‘nalishida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Surxondaryo viloyatiga 60 dona zamonaviy paxta terish mashinalari yetkazib berilishi, paxta yig‘im-terimi mavsumini qisqa muddatlarda, sifatli va yuqori samaradorlik bilan tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mazkur texnikalar viloyatning barcha tumanlarida, jumladan Qiziriq tumanidagi “Global Textil” MCHJga qarashli dalalarda faol ishlamoqda. Hosilni o‘z vaqtida, yog‘ingarchilik mavsumiga qoldirmasdan yig‘ib olish fermer xo‘jaliklari va oilaviy pudratchilarning daromadlarini oshirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Qiziriq tumaniga tashrifi chog‘ida terim mashinalarining amaliy ishlashi, hosil holati va jarayonni tashkil etish darajasi bilan tanishildi. Tashrif davomida hokim paxta terimini tizimli tashkil etish, ayniqsa ishchi kuchi cheklangan hududlarda mexanizatsiyalashgan terimdan keng foydalanish zarurligini ta’kidladi.
“O’zagrolizing” AJ tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari nafaqat paxta yig‘im-terimi mavsumining samarali o‘tishini ta’minlamoqda, balki butun agrar sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Loading

//