Bandixon tumanida yangi avlod paxta terish mashinalari bilan terim jarayonlari samarali amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida paxta yig‘im-terimi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bu yilgi mavsum oldidan, “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tumandagi “Tursunpolvon Samadov” va “Xo‘jamqulbobo 2019” fermer xo‘jaliklariga qiymati 3,2 mlrd. so‘m bo‘lgan 2 dona FM WORLD rusumli zamonaviy yangi avlod paxta terish mashinalari yetkazib berildi.
Ayni kunlarda “Tursunpolvon Samadov” fermer xo‘jaligining paxta dalasida ushbu yangi avlod terim mashinalarida yig‘im-terim arayoni boshlandi. 98 foiz samaradorlikka ega bo‘lgan kombayn kuniga 30-40 tonnagacha paxta terishi mumkin. Shu bilan birga, bir dona mashina bir kunda 400 nafar ishchining ishini o‘rnini bosadi, bu esa terim jarayonining tezligi va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur zamonaviy texnika barqaror elektr energiyasi mavjud bo‘lgan joylarda paxtani tez va sifatli terib oladi. Uning ishlashi natijasida faqat g‘o‘zapoya qoldiriladi, bu esa paxta maydonlarini tozalash va hosilni tez yig‘ishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi. “O’zagrolizing” AJ tomonidan yetkazilgan ushbu texnikalar nafaqat ish kuchini sezilarli darajada tejashga, balki hosilni yuqori sifatda va o‘z vaqtida yig‘ib olishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Bandixon tumanida 175 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 3,5 ming gektar maydonga paxta ekilgan bo‘lib, ushbu zamonaviy texnika yordamida hosil yig‘im-terimi yanada samaraliroq bo‘lishi kutilmoqda.