Sayxunobodda paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirdi.
Sayxunobod tumanida 2025-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi keng ko‘lamda tashkil etilib, dalalarda mehnat avjiga chiqqan. Tumandagi barcha fermer xo‘jaliklari hosilni sifatli va o‘z vaqtida yig‘ib olish maqsadida mas’uliyat bilan ish olib bormoqda.
Jumladan, O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan “Begali” fermer xo‘jaligi joriy yilda mo‘l hosil yetishtirishga erishib, terim mavsumini yuqori natijalar bilan boshladi. Fermer xo‘jaligi dalalarida har gektardan 60–70 sentner paxta hosili olinmoqda. Bu ko‘rsatkichlar — agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va puxta bajarilgani, suv ta’minoti, o‘g‘itlash, begona o‘tlarga qarshi kurash ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgani natijasidir.
Hosilni sifatli va tezkor yig‘ib olish uchun fermer xo‘jaligida mexanizatsiyalashgan texnikalardan keng foydalanilmoqda. Ayniqsa, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etilgan zamonaviy paxta terish mashinalari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari paxtani o‘z vaqtida terib olishda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu texnikalar nafaqat hosil yig‘imini tezlashtirmoqda, balki terim sifatini oshirish, mehnat samaradorligini ko‘paytirishga ham xizmat qilmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari va terimda ishtirok etayotgan ishchilar har bir paxta ko‘sagini dalada qoldirmaslik, sifatli terimni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Tumanda paxta yig‘im-terimini muvofiqlashtirish maqsadida maxsus shtab tashkil etilgan. Unda har kuni terim sur’atlari tahlil qilinib, fermer xo‘jaliklarining faoliyati muntazam nazorat qilinmoqda.
Sayxunobod dehqonlari fidokorona mehnatlari, zamonaviy texnikalar va ilmiy asoslangan yondashuvlar bilan bu yil ham yurtimiz paxta tayyorlash rejasini muvaffaqiyatli bajarish yo‘lida sobitqadamlik bilan harakat qilmoqdalar.