Farg‘onalik paxtakorlar joriy yilgi paxta topshirish bo‘yicha shartnomaviy rejani to‘liq bajardilar.

Farg‘ona viloyati fermer xo‘jaliklari joriy yilgi hosil mavsumida mo‘l paxta yetishtirib, 313 ming 200 tonnadan ortiq paxta xirmonini bunyod etdilar. Bu yutuqqa erishishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish va hosilni sifatli yig‘ib olish muhim omil bo‘ldi.
Hosilni terib olish jarayonida “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy paxta terim mashinalari, transport vositalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari muhim rol o‘ynadi. Mazkur texnikalar yordamida terim jarayoni ancha tezlashdi, xarajatlar kamaydi, hosil sifati esa yuqori darajada saqlandi.
Viloyatda joriy yil hosili uchun 72 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilindi, shundan 25 ming gektar maydonga xorijiy navlar ekildi. Paxtani uyushqoqlik bilan yig‘ib olish maqsadida 1 515 ta otryadga 85 ming terimchi, 194 ta paxta terish mashinasi va 2 986 ta paxta tashish texnikasi biriktirilib, tizimli ishlar tashkil etildi.
Shuningdek, Qo‘shtepa, Uchko‘prik, Dang‘ara, Buvayda, Yozyovon, Oltiariq, Quva va Bag‘dod tumanlari paxtakorlari fidokorona mehnati bilan shartnomaviy rejani o‘z vaqtida bajardilar.
“O‘zagrolizing” AJning texnik va moddiy ko‘magi tufayli Farg‘ona paxtakorlari yuksak natijaga erishib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini oshirishda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Loading

//