G‘alaba muborak, Namangan viloyatining fidoyi paxtakorlari!

Namangan viloyati paxtakorlari Davlatga paxta topshirish bo‘yicha joriy yilgi shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardilar! Viloyatdagi qabul punktlariga 214,2 ming tonnadan ziyod qimmatli sanoat xomashyosi – oq oltin yetkazib berildi.
Bu ulkan natijaning zamirida fidoyi dehqonlarimizning mehnati, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlarining fidokorligi bilan bir qatorda, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining texnik ko‘magi ham muhim o‘rin tutdi.
Yangi hosil uchun yerni shudgorlashdan boshlab, chigit ekish, nihollarni agrotexnik talablar asosida parvarishlash va hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda “O‘zagrolizing” AJ tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy paxta terim mashinalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari keng qo‘llanildi.
2025 yilgi hosil uchun 48,9 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilindi, shundan 28 ming gektar xorijiy serhosil navlar bilan to‘ldirildi. Bu yil “O‘zagrolizing” AJ orqali 65 ta yangi paxta terim mashinasi viloyatga yetkazildi va ularning umumiy soni 170 taga yetdi. Natijada joriy hosilning 79 ming tonnasi yoki 40 foizi aynan mexanizatsiyalashgan usulda, zamonaviy texnikalar yordamida yig‘ib olindi.
Paxtachilikda yangiliklarni qo‘llab-quvvatlagan fermerlar ilmiy yondashuv va mexanizatsiyalashgan tizimni uyg‘unlashtirib, yuqori hosil olishga erishdilar. Natijada 600 dan ziyod fermer xo‘jaliklari shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardilar, ayrim ilg‘orlar esa har gektardan 70–80 sentner hosil ko‘tardilar.
Mingbuloq, Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Namangan tumanlari paxtakorlari terimda peshqadamlik ko‘rsatib, yillik rejasini muvaffaqiyatli ado etdilar. Terim otryadlariga 121 ming terimchi jalb etilib, faol targ‘ibot va uyushqoqlik ishlari ham natija berdi.
Reja bajarildi, lekin terim davom etmoqda. Shu bilan birga, kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratish, texnik bazani yanada kuchaytirish borasidagi ishlar davom etmoqda.

Loading

//