Sayxunobod tumanida qishloq xo‘jaligi texnikalarini saqlovga olish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Avval xabar berganimizdek, Respublikamizning turli hududlarida 2025-yilgi paxta va g‘alla yig‘im-terimi mavsumida foydalanilgan paxta terish mashinalari hamda don o‘rish kombaynlarini “Saqlov qoidalari” asosida saqlovga olish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
Shu doirada navbatdagi amaliy seminar Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zagrolizing” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari S. Nishanbayev, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Xidirov, Sayxunobod tumani hokimi K. Mullajanov, shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqotlar universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, ta’minotchi korxonalar vakillari, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Seminar davomida qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumdan so‘ng belgilangan tartibda saqlovga olish, ularning texnik sozligini ta’minlash va keyingi mavsumga sifatli tayyorlab qo‘yish masalalari yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir yakunida texnikalarni saqlovga olish jarayonida nazorat tizimini kuchaytirish, joylarda amaliy yordamni oshirish hamda mutaxassislar malakasini yanada oshirish zarurligi qayd etildi.
“O‘zagrolizing” AJ ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash, ularni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish va saqlovga olish bo‘yicha tizimli ko‘mak berishda davom etadi.
![]()




