Kuzgi g‘alla ekinlarida yuqori hosildorlik.
Kuzgi g‘alla ekinlarida yuqori hosildorlikka erishish, ko‘p jihatdan kuz va qish mavsumida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga bog‘liq.
Aynan shu davrda o‘simlikning ildiz tizimi shakllanadi, barglar soni ortadi, to‘qimalarda zaxira moddalar yig‘iladi va kelgusi bahorgi faol rivojlanish uchun poydevor yaratiladi. Shuning uchun kuzgi g‘allaga bu davrda qilinadigan ishlov faqat mavsumiy talab emas, balki hosilning kelajak taqdirini belgilovchi asosiy omildir.
Ekishdan so‘ng 10–15 kun o‘tgach tuproq yuzasida paydo bo‘ladigan qotgan qatqaloq namning bug‘lanishiga va ildizlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois maydonlarda yengil kultivatsiya yoki tishli borona bilan boronalash amalga oshiriladi. Bu jarayon tuproqni havodorlashtiradi, namni saqlaydi va begona o‘tlarning yosh nihollarini yo‘q qiladi. Shuningdek, fosfor va kaliy o‘g‘itlari o‘simlikning sovuqqa chidamliligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Azotli o‘g‘itlar esa me’yorda berilishi kerak, chunki ortiqcha azot kuzda o‘sishni haddan ziyod kuchaytirib, sovuqchilikka ta’sir qiladi.
Namgarchilik sug‘orishi kuzgi g‘allaning muvaffaqiyatli qishlashida hal qiluvchi omillardan biridir. Sovuqlar boshlanishidan oldin 800–1200 m³/ga hajmda sug‘orish amalga oshirilishi tuproqdagi nam zaxirasini ko‘paytiradi, ildiz tizimini chiniqtiradi va bahorda vegetatsiyaning tez boshlanishiga zamin yaratadi. Nam yetarli bo‘lgan maydonlarda o‘simliklar sovuqni yengil o‘tkazadi va bahorgi o‘sish sur’atlari barqaror bo‘ladi.
Kuz davrida zararkunanda va kasalliklarning oldini olish ham muhim. G‘alla tripslari, shiralar va lichinkalar o‘simlik shirasini so‘rib, o‘sish sur’atini pasaytirishi mumkin. Shu sababli ekinlar holati muntazam kuzatiladi va zarurat tug‘ilganda insektitsid hamda fungitsidlar bilan profilaktik ishlov beriladi. Kuzgi agrotexnik tadbirlarning barchasi o‘z vaqtida bajarganda, kuzgi g‘alla qishni bemalol o‘tkazadi, ildizlari kuchli rivojlanadi va natijada bahor mavsumida yuqori hosildorlikka asos yaratiladi.
![]()




