Mexanizatorlarni tayyorlash: Toshkent va Jizzax viloyatlarida paxta terish mashinalari bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazildi.

Xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga qaratilgan nazariy-amaliy o‘quv kurslari izchil davom etmoqda. Agrar sohada mexanizatsiyalash jarayonini jadallashtirishga qaratilgan ushbu tashabbus bugun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib, mexanizatorlar salohiyatini mustahkamlashda muhim omilga aylanmoqda.
Shu maqsadda “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent va Jizzax viloyatlarida navbatdagi amaliy seminarlar tashkil etildi. Unda o‘quv jarayonining har bir bosqichi amaliyot bilan bog‘lab o‘rgatilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Seminarlarda paxta dalalarini terimga tayyorlash, hosilni yig‘ishtirish va tashish jarayonlarining texnologik asoslari batafsil tushuntirildi.
Ishtirokchilarga paxta terish mashinalarining konstruktiv tuzilishi, ishlash mexanizmi va texnologik sikllari bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlar berildi. Mashinalarni boshqarish, ularni xavfsiz va ishonchli ishlatish qoidalari amaliy misollar orqali o‘rgatildi.
Shuningdek, agregatlarni ish jarayoniga tayyorlash, ularni to‘g‘ri rostlash va sozlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Texnikaga sifatli servis xizmatlarini ko‘rsatish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish yondashuvlari va uzluksiz texnik xizmat madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Paxta terish mashinalaridan samarali va tejamkor foydalanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar mustahkamlanib, texnikalarni talab etilgan standartlar asosida to‘g‘ri saqlash qoidalarini o‘zlashtirish ham o‘quv jarayonining muhim qismini tashkil etdi.
Tashkil etilayotgan mana shunday seminarlar, nafaqat mexanizatorlarning bilim doirasini kengaytirmoqda, balki ularni amaliyotda yangi yondashuvlardan foydalanishga tayyorlamoqda. O‘quv jarayonida ishtirok etayotgan mutaxassislar texnikani boshqarishdan tortib servis xizmatini ko‘rsatishgacha bo‘lgan butun jarayonni puxta o‘zlashtirmoqda.

Loading

//