Paxta terimi mexanizatorlari tayyorlanmoqda: hududlarda zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda paxta terimi jarayonini to‘liq mexanizatsiyalash, terim sifatini oshirish va sohaga malakali kadrlarni jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Zamonaviy agrar texnologiyalar joriy etilayotgan bir davrda mexanizatorlarning bilim va ko‘nikmalarini yangilash, ularni amaliy jihatdan tayyorlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining 2025-yil 15-oktabrdagi qo‘shma qaroriga muvofiq, “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha zamonaviy nazariy-amaliy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida boshlangan mazkur o‘quv dasturlari mexanizatorlar tayyorlash tizimida yangi bosqichni boshlab berdi. Tinglovchilar paxta dalalarini terimga tayyorlash, hosilni yig‘ib olish va tashish jarayonining texnologik ketma-ketligi bo‘yicha amaliy bilimlarni chuqur o‘zlashtirmoqda.
Darslar davomida paxta terish mashinalarining konstruktiv tuzilishi, ishlash mexanizmi, texnologik sikllari, ularni boshqarish va xavfsiz ishlatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mashinalarni to‘g‘ri rostlash, sozlash, texnik xizmat ko‘rsatish, servis yondashuvlaridan samarali foydalanish va texnikalarni standartlarga muvofiq saqlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
O‘quv mashg‘ulotlari mexanizatorlarga nafaqat nazariy bilimlarni, balki texnikani amalda boshqarish, sozlash va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini bevosita o‘rganish imkonini yaratdi. Bu esa kelgusi terim mavsumlarida samaradorlikni oshirish, hosildorlikni ko‘tarish va yig‘im-terim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
“O’zagrolizing” AJ ushbu o‘quv tashabbuslari orqali agrar sohada mexanizatsiyani rivojlantirish, malakali kadrlar salohiyatini mustahkamlash va hududlarda zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish jarayonini yanada jadallashtirishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.
![]()




