Weichai Lovol Intelligent Agriculture Technology Co., Ltd. korxonasida muzokaralar o‘tkazildi.

“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining bir guruh rahbar va mutaxassis xodimlari Xitoy Xalq Respublikasida amaliy xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida delegatsiya qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va innovatsion yechimlar joriy etish bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri — Weichai Lovol Intelligent Agriculture Technology Co., Ltd. korxonasida muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Xususan, Farg‘ona viloyatida Lovol rusumidagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish (SKD/CKD) asosida mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar chog‘ida loyiha doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich ishga tushirish, zamonaviy uskunalar va texnologiyalarni olib kirish, mahalliy mutaxassislar uchun o‘quv-amaliy dasturlarni tashkil etish hamda servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhim yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Tomonlar mazkur hamkorlik O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikalarini yangilash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Amaliy tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni huquqiy va texnik jihatdan mustahkamlash, shuningdek, qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tashabbus “O‘zagrolizing” AJning xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi sohasini zamonaviy texnika bilan ta’minlash va raqamli hamda innovatsion yechimlarni joriy etishga qaratilgan strategik maqsadlariga to‘liq mos keladi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Loading

//