Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi yondashuvlar muhokama qilindi.
8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni va 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida mazkur sanalarning ijtimoiy-huquqiy ahamiyatini yoritishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida “Qomusimni bilmoq istadim” hamda “Korrupsiya – kelajak kushandasi” mavzularida davra suhbati o‘tkazilib, unda Jamiyat boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov, shuningdek, Toshkent davlat yuridik instituti yuridik fanlari doktori Muxitdinova Feruza Abdurashidovna ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalo Konstitutsiyaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlandi. Ma’ruzachilar Konstitutsiya qabul qilingan tarixiy jarayon, unda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklari, davlat boshqaruvi tamoyillari, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan me’yorlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Xodimlarning konstitutsiyaviy bilimlarini boyitish, huquqiy ong va madaniyatni oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirning ikkinchi qismida korrupsiyaning jamiyat va iqtisodiyotni izdan chiqaruvchi omil sifatidagi xavf-xatariga e’tibor qaratildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajriba, milliy qonunchilikda belgilangan choralar, xodimlar faoliyatida halollik, shaffoflik va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bayon etildi.
Tadbir davomida korrupsiyaning davlat tizimiga, biznes muhitiga, jamoat manfaatlariga yetkazadigan zararini kamaytirish uchun har bir xodimning halol mehnati, mas’uliyati va huquqiy savodxonligi muhim omil ekani qayd etildi. Ishchi-xodimlar o‘rtasida savol-javoblar, ochiq mulohazalar almashildi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur davra suhbati Jamiyatda sog‘lom huquqiy muhitni mustahkamlash, xodimlar ongida Konstitutsiyaga hurmat va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan amaliy qadam bo‘lib xizmat qildi. “O‘zagrolizing” AJ tomonidan kelgusida ham mazkur yo‘nalishlarda tizimli ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan.
![]()




