“Agro Tech” klasterida press-tur va matbuot anjumani: ochiqlik, amaliyot va yoshlar kelajagi.

“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida ochiqlikni ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida “Agro Tech” klasterida press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining talabalari, sohada faoliyat yuritayotgan fermerlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Press-tur davomida ishtirokchilar “Agro Tech” klasteri hamda CLAAS kompaniyasining qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yig‘ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular CLAAS texnikalarini ishlab chiqarishning asosiy bosqichlari,
zamonaviy texnologiyalar asosida yig‘ish va sifat nazorati jarayonlari,
texnikalarni foydalanishga tayyorlash va sinovdan o‘tkazish, servis xizmati va ekspluatatsiya jarayonidagi muhim jihatlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita kuzatish ishtirokchilarga zamonaviy agrotexnika qanday yaratilishini amaliy misollar orqali ko‘rish imkonini berdi.
Shuningdek, Press-tur doirasida matbuot anjumani ham tashkil etilib, unda “O‘zagrolizing” AJning Boshqaruv raisi o’rinbosari A. Nasirdinov tomonidan jamiyatning bugungi faoliyati, qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berish mexanizmlari, hamkorlik aloqalari hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Matbuot anjumani davomida:
– agrotexnika sohasida olib borilayotgan islohotlar;
– fermerlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar;
– yosh mutaxassislarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash masalalari;
– ishlab chiqarish, ta’lim va amaliyot integratsiyasi bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi.
OAV vakillari, fermerlar va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga batafsil va ochiq javoblar oldilar.
Tadbir doirasida iqtidorli va faol talaba-yoshlarga “Yosh Agrolizingchi” stipendiyasi topshirildi. Ushbu tashabbus yoshlarni rag‘batlantirish, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
“Agro Tech” klasterida bo‘lib o‘tgan ushbu press-tur va matbuot anjumani ta’lim, ishlab chiqarish va amaliyotning bir maydonda uyg‘unlashgan samarali namunasi bo‘ldi. “O‘zagrolizing” AJ kelgusida ham talaba-yoshlar, fermerlar va OAV bilan ochiq muloqotni davom ettirib, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni izchil amalga oshiradi.

Loading

//