Zamonaviy paxta terish mashinalari: samaradorlik va innovatsiyalar muhokama qilindi.

Kuni kecha Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti majlislar zalida zamonaviy paxta terish texnikalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A. Xalimbetov, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakillari, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ korxonasi mutaxassislari ishtirok etdi. Shuningdek, tuman hokimliklarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroinspeksiya mutaxassislari, klasterlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari qatnashdi.
Mazkur seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov rahbarligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi Farg‘ona viloyatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda zamonaviy paxta terish mashinalarini ishlab chiqarayotgan “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “SWAN 4MZ-4” rusumli paxta terish mashinalarining imkoniyatlari bilan ishtirokchilarni yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida mazkur texnikaning texnik xususiyatlari, samaradorligi, paxta terish jarayonida mehnat unumdorligini oshirishdagi ahamiyati hamda amaliy qo‘llash tajribalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va ularni sohaga keng joriy etish, fermer xo‘jaliklari hamda klasterlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim fikr va takliflar bildirildi.

Loading

//