Samarqand viloyatida “Swan” rusumli paxta terish mashinasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyatida paxtachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish hamda fermer xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir doirasida “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stoc Co” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan “Swan” rusumli paxta terish mashinasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda viloyat hokimligi rahbariyati ishtirok etib, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnikalar va innovatsion yechimlardan foydalanishning ahamiyati ta’kidlandi. Seminar ishtirokchilari paxta terish jarayonini mexanizatsiyalash orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Amaliy seminar davomida ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari tomonidan “Swan” rusumli paxta terish mashinasining texnik xususiyatlari, terim aniqligi, yoqilg‘i tejamkorligi hamda turli agroiqlim sharoitlarida samarali ishlash imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ushbu texnikani respublika qishloq xo‘jaligi tizimiga joriy etish va lizing asosida yetkazib berish mexanizmlari muhokama qilindi.
Tadbirda viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mas’ullari, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi vakillari, “O‘zagrolizing” AJ Samarqand filiali rahbariyati hamda tumanlardan paxta va g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan texnikaning amaliy ahamiyati, uni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Tadbir Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligini texnik jihatdan yangilash va zamonaviylashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam sifatida baholandi.
![]()




