Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida amaliy seminarlar tashkil etildi.
Paxtachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, fermer xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va innovatsion yechimlarni keng joriy etish maqsadida Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida amaliy seminarlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar doirasida “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stoc Co” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan “Swan” rusumli paxta terish mashinasining amaliy taqdimotlari o‘tkazildi. Seminarlar paxta terish jarayonlarini mexanizatsiyalash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnikalardan foydalanish imkoniyatlarini joylarda amaliy jihatdan namoyish etishga qaratildi.
Amaliy seminarlar davomida ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari tomonidan “Swan” rusumli paxta terish mashinasining texnik xususiyatlari, terim aniqligi, yoqilg‘i tejamkorligi hamda turli agroiqlim sharoitlarida samarali ishlash imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ushbu texnikani respublika qishloq xo‘jaligi tizimiga joriy etish, jumladan, lizing asosida yetkazib berish mexanizmlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Tadbirlar davomida hududiy hokimliklar va qishloq xo‘jaligi boshqarmalari mas’ullari, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi vakillari, “O‘zagrolizing” AJning hududiy filiallari rahbariyati hamda paxta va g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan, taqdim etilgan texnikaning amaliy ahamiyati, uni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Ushbu amaliy seminarlar Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida qishloq xo‘jaligini texnik jihatdan yangilash va paxtachilik tarmog‘ida mexanizatsiya darajasini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbus sifatida baholandi.
![]()




