Zamonaviy paxta terish mashinalari: samaradorlik va innovatsiyalar muhokama qilindi.

Toshkent viloyatida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini keng joriy etish hamda paxta terish jarayonlarini mexanizatsiyalash samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati, “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ mutaxassislari, shuningdek, klasterlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar doirasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan “SWAN 4MZ-4” rusumli zamonaviy paxta terish mashinalarining texnik va funksional imkoniyatlari taqdim etildi. Mutaxassislar texnikaning yuqori unumdorligi, yoqilg‘i tejamkorligi hamda inson mehnatini sezilarli darajada yengillashtirishdagi afzalliklariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Amaliy namoyish va taqdimotlar orqali mazkur mashinalarning paxta terimida vaqt va resurslarni tejashi, hosilni sifatli yig‘ib olishda muhim omil bo‘layotgani ko‘rsatib berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, texnikalarni xarid qilish va lizing asosida jalb etish imkoniyatlari yuzasidan ham batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Tadbir yakunida zamonaviy texnikalarni sohaga keng joriy etish, fermerlar va klasterlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.

Loading

//