CLAAS konsernining Yevroosiyo mintaqasi vitse-prezidenti bilan muzokara olib borildi.

Bugun “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida agrar sohani modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Jamiyat Boshqaruv raisi A.Nasirdinov CLAAS konsernining Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Mixael Bayer bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amaliyotga joriy etish hamda fermer va klaster xo‘jaliklarini zamonaviy, yuqori unumdor qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish orqali hosildorlikni oshirish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va mehnat samaradorligini kuchaytirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini kompleks mexanizatsiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda CLAAS kabi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish fermerlar uchun zamonaviy kombaynlar, traktorlar va boshqa innovatsion texnikalarni keng joriy etish imkonini bermoqda.
“O‘zagrolizing” AJ tomonidan ushbu texnikalar qulay va imtiyozli lizing shartlari asosida taqdim etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, past boshlang‘ich to‘lov, maqbul foiz stavkalari, uzoq muddatli to‘lov grafigi hamda soddalashtirilgan rasmiylashtirish tartibi fermer xo‘jaliklari va klasterlarga moliyaviy yukni kamaytirgan holda zamonaviy texnikaga ega bo‘lish imkoniyatini yaratmoqda. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarini tezlashtirib, xarajatlarni optimallashtirish va hosildorlikni sezilarli oshirishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuv so’ngida, tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish, agrar sektorni innovatsion rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Loading

//