Amaliy seminarlar Andijon va Namangan viloyatlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, fermer va klaster xo‘jaliklarini zamonaviy, yuqori unumdor texnikalar bilan ta’minlash maqsadida tizimli ravishda tashkil etilayotgan amaliy seminarlar Andijon hamda Namangan viloyatlarida ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlarda hududiy fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutaxassislar, mexanizatorlar hamda soha vakillari faol ishtirok etdi.
Seminarlar doirasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan “SWAN 4MZ-4” rusumli zamonaviy paxta terish mashinalarining texnik va funksional imkoniyatlari batafsil taqdim etildi. Mutaxassislar tomonidan ushbu texnikaning yuqori unumdorligi, yoqilg‘i tejamkorligi, ilg‘or muhandislik yechimlari hamda inson mehnatini sezilarli darajada yengillashtirishdagi afzalliklari alohida ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, mashinaning paxtani sifatli va yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish, qisqa muddatda katta maydonlarni qamrab olish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Amaliy namoyishlar jarayonida texnikalar bevosita dala sharoitida sinovdan o‘tkazilib, ularning paxta terimida vaqt va resurslarni tejashi, mehnat samaradorligini oshirishi hamda hosilni tezkor va sifatli yig‘ib olishda muhim omil bo‘layotgani amalda ko‘rsatib berildi. Bu esa fermer xo‘jaliklari uchun ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va rentabellikni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar olib, mazkur texnikalarni xarid qilish hamda qulay moliyaviy shartlar asosida lizing mexanizmlari orqali jalb etish imkoniyatlari yuzasidan ham keng ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Mazkur seminarlar hududlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, fermerlarning texnik salohiyatini mustahkamlash hamda paxtachilikda yuqori samaradorlikka erishishda muhim amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
![]()




