Malayziyaning “Meraque” kompaniyasi bilan istiqbolli hamkorlik muhokama qilindi.

Malayziyaning qishloq xo‘jaligida yuqori texnologik yechimlar, xususan, sun’iy intellekt asosida ishlovchi dronlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Meraque” kompaniyasi vakillari “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga rasmiy tashrif buyurdi.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi — agrar sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ularni lizing mexanizmlari orqali mahalliy fermer xo‘jaliklariga yetkazish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida “Meraque” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi dronlari sun’iy intellekt (AI) texnologiyalari asosida ishlashi alohida ta’kidlandi.
Mazkur dronlar ekin maydonlarini avtomatik tahlil qilish, kasallik va zararkunandalarni erta aniqlash,
o‘g‘it va himoya vositalarini aniq me’yorlarda purkash, hosildorlik prognozini shakllantirish, real vaqt rejimida monitoring olib borish imkoniyatlariga ega.
Tomonlar mazkur innovatsion texnologiyalarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga moslashtirish, ularni lizing asosida fermer va klaster xo‘jaliklariga taklif etish hamda tajriba loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, texnologiyalar transferi va istiqboldagi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Loading

//