“Maḥallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili: ustuvor vazifalar va amaliy qadamlar.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida navbatdagi ma’naviyat soati tashkil etildi. Unda “Maḥallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish yuzasidan Davlat dasturining mazmun-mohiyati jamiyat xodimlariga yetkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori M. Yunusov ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning maqsad va vazifalari, shuningdek, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil 16-fevral kuni Prezidentimiz tomonidan “Maḥallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yiliga mo‘ljallangan ustuvor islohotlarni belgilash to‘g‘risida PF–22-son Farmon imzolandi. Mazkur hujjat yurtimizda mahalla institutini yanada mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda jamiyatda ochiqlik va samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim dasturiy hujjatdir.
Seminar davomida Farmon va Davlat dasturida belgilangan vazifalarni tizimli o‘rganish, ularni amaliy faoliyatga samarali tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash hamda ularni har bir soha va yo‘nalishda samarali amalga oshirishga xizmat qiluvchi aniq mexanizmlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Ma’naviyat soati yakunida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissini yanada kuchaytirish va belgilangan vazifalarni mas’uliyat bilan ado etish har bir xodimning ustuvor vazifasi ekani alohida qayd etildi.
![]()




