Agrofizik tadbirlarni amalga oshirish.
Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olishda tuproq unumdorligini belgilovchi omillardan biri – uning fizik xossalaridir. Tuproqda yetarli namlik va ozuqa moddalari, maqbul agrofizik va mikrobiologik tartiboti saqlangandagina qishloq xo‘jaligi ekinlari yaxshi rivojlanadi va mo‘l hosil beradi.
Sho‘rlangan tuproqlarga sho‘rlanmagan yerlarga nisbatan 1,3-1,5 barobar ko‘p texnika ta’sir etadi, bu yerlar og‘ir traktor va boshqa qurollar ta’sirida kuchli zichlashadi. Shu sababli sug‘oriladigan sho‘r tuproqlarning haydalma va haydovosti qatlamlarida zichlanish jarayonlarini oldini olish uchun og‘ir, g‘ildirakli traktorlardan kam foydalanish, tuproqlar fizik yetilganlik darajasida ishlov berishni tashkil etish maqsadga muvofiqdir;
Sug‘orish me’yorlarini belgilashda tuproq tiplari, ularning suv- fizik xossalari, sizot suvlarining joylashish chuqurligi, maydonlarning zovurlar bilan ta’minlanganligini hisobga olish zarur. Ekinlarni tuproq namligi dala nam sig‘imining 65-70 foizini tashkil etganda 700 dan 900-1100 m3ga me’yorida sug‘orishga erishish kerak;
Ekinlarning turiga, naviga, biologik xususiyatiga va tuproq-iqlim sharoitlariga bog‘liq holda gidromodul rayonlar bo‘yicha sug‘orishni tashkil qilish va me’yoridan ortiqcha suv sarfiga yo‘l qo‘ymaslik;
G‘o‘za chigiti va bug‘doy urug‘ini pushtaga ekish va mulchalashni tuproq sharoitlarini e’tiborga olgan holda tabaqalashtirib qo‘llash;
Sug‘oriladigan tuproqlarning haydalma va haydalma osti qatlamlarida zichlanish jarayonlarini oldini olish uchun og‘ir g‘ildirakli traktorlardan kam foydalanish, tuproqlar fizik yetilganlik darajasida ishlov berishni tashkil etish, gipsli va haydov osti zichlashgan tuproqlar qatlamlarini chuqurroq yumshatish lozim.
![]()




