“O‘zagrolizing” AJda Xalqaro xotin-qizlar kuni ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Bugun “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida bahorning eng go‘zal bayramlaridan biri – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri yuqori kayfiyat va samimiy muhitda tashkil etildi.
Tadbir davomida jamiyat rahbariyati tomonidan korxonada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarga yuksak hurmat va ehtirom izhor etildi. Xotin-qizlarning jamiyat rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi, ularning kasbiy faoliyatdagi mas’uliyati, tashabbuskorligi va fidoyiligi alohida e’tirof etildi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqan Jamiyat Boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov barcha xotin-qizlarni samimiy tabriklab, ayollar jamiyat hayotida, ayniqsa, mehnat jamoalarida barqarorlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, u o‘z nutqida ayollarning nafaqat ish faoliyatida, balki oilada ham mehr-muhabbat, sabr-toqat va donolik timsoli ekanini qayd etib, ularga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat hamda kasbiy faoliyatlarida yangi yutuqlar tiladi.
Tadbir davomida jamiyatda samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir qator xotin-qizlarga ehtirom sifatida gullar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bayramona ruh, samimiy tabriklar va iliq tilaklar bilan o‘tgan ushbu tadbir barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mazkur bayram tadbiri xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
“O‘zagrolizing” jamoasi barcha ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yana bir bor muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, oilaviy farovonlik va kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.
![]()




