Ekspatlar manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli to‘g‘risida deklaratsiyani to‘ldirishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasida davlat organlari yoki davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda (keyingi o‘rinlarda — “davlat kompaniyalari”) faoliyat yuritayotgan ekspatlar (xorijiy mutaxassislar) 2024-yil 5-iyunda qabul qilingan O‘RQ–931-sonli Qonunga muvofiq umumiy tartibda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli to‘g‘risida deklaratsiyani to‘ldirishlari shart.
Mazkur talab korrupsiyaning oldini olish, yaqin qarindoshlar bilan bog‘liq shaxsiy manfaatlarni, shuningdek aksiyalar va ulushlarga egalik qilish holatlarini deklaratsiya qilish maqsadida joriy etilgan.
Davlat kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar, jumladan xorijiy fuqarolar (ekspatlar) ham o‘z xizmat vazifalari davomida manfaatlar to‘qnashuvi xavfi mavjud bo‘lgan lavozimlarda ishlayotganliklari sababli manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiyani to‘ldirishlari majburiy hisoblanadi.
Deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi: yaqin qarindoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularning ish joylari, ularga tegishli biznes faoliyati, aksiyalar va ulushlarga egalik qilish holatlari.
Ushbu ma’lumotlar ekspatning xizmat vazifalari bilan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi ehtimolini baholash maqsadida taqdim etiladi.
Muddatlar: Deklaratsiya ishga qabul qilinganda, shuningdek odatda davlat kompaniyalarida har yili 15-fevralga qadar taqdim etiladi.
Taqdim etmaslik oqibatlari: Deklaratsiyani taqdim etmaslik, ma’lumotlarni yashirish, taqdim etish muddatlarini kechiktirish yoki belgilangan tartibni buzish intizomiy javobgarlikka, jumladan ishdan bo‘shatishgacha olib kelishi mumkin.
Xususiy xalqaro kompaniyalarda esa manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiyani (Conflict of Interest Declaration) to‘ldirish tartibi ichki komplayens siyosati bilan tartibga solinadi va mazkur talablar fuqaroligidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun majburiy hisoblanadi.

Loading

//