Agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirildi.

Yurtimizda bahor mavsumi boshlanishi bilan qishloq xo‘jaligi ishlari ham faollashmoqda. Bugungi kunda dehqon va fermer xo‘jaliklari ekin maydonlari hamda bog‘larni yangi mavsumga tayyorlash, o‘tgan yilgi xas-xashak va o‘t-o‘lan qoldiqlarini tozalash ishlarini boshlagan.
Shu munosabat bilan magistral elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ dehqon va fermerlarni yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari yaqinida mavsumiy agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.
Ma’lum qilinishicha, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari hamda podstansiyalar atrofida belgilangan “muhofaza zonalari” hududida bir qator harakatlar taqiqlanadi. Jumladan:
-elektr uzatish liniyalari tayanchlariga chiqish;
-ularning konstruksiyasiga shikast yetkazish yoki metall qismlarini yechib olish;
-simlarga turli buyumlarni tashlash;
-xizmat ko‘rsatuvchi brigadalar hamda texnikalar harakatiga to‘sqinlik qiluvchi buyumlarni joylashtirish mumkin emas.
Shuningdek, elektr uzatish liniyalari muhofaza zonalarida qishloq xo‘jaligi qoldiqlarini to‘plash yoki yoqish, chiqindilarni joylashtirish, yoqilg‘i-moylash materiallarini saqlash yoki quyish ham taqiqlanadi. Bunday harakatlar elektr tarmoqlarining barqaror ishlashiga xavf tug‘dirishi, yong‘in yoki favqulodda holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari belgilangan.
Unga ko‘ra elektr uzatish liniyalari atrofidagi muhofaza zonasi masofasi quyidagicha:
35 kV kuchlanishli liniyalar uchun — 15 metr;
110 kV liniyalar uchun — 20 metr;
220 kV liniyalar uchun — 25 metr;
500 kV liniyalar uchun — 30 metr.
Shuningdek, mazkur hududlarda ko‘plab odamlar ishtirokidagi tadbirlarni o‘tkazish, savdo rastalarini tashkil etish, chiqindixonalar yoki axlat to‘plash joylarini tashkil qilish ham taqiqlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 5-yanvar holatiga magistral elektr tarmoqlari muhofaza zonalarida 1095 ta noqonuniy qurilma aniqlangan. Mazkur qoidabuzarliklar vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda bartaraf etilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi hamda “O‘zbekiston MET” AJ barcha fuqarolarni elektr tarmoqlari muhofaza zonalarida belgilangan talablarga rioya qilishga chaqiradi. Chunki ushbu hududlarda taqiqlangan harakatlarni sodir etganlik uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik belgilangan.
Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi.

Loading

//