John Deere kompaniyasining rasmiy vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida John Deere kompaniyasining rasmiy vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot doirasida tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar hamda 2026-yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Uchrashuvning asosiy e’tibori joriy yil uchun ajratilgan maqsadli moliyaviy mablag‘larning samarali o‘zlashtirilishi, ularni hududlar kesimida to‘g‘ri yo‘naltirish hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish va taqsimlash masalalariga qaratildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori unumdor, energiya tejamkor va innovatsion texnikalarni yetkazib berish bo‘yicha aniq mexanizmlar muhokama qilindi.
Tomonlar texnikalarni hududlar bo‘yicha adolatli taqsimlash, ularning samarali ishlatilishini ta’minlash, servis xizmatlarini yanada takomillashtirish hamda ehtiyot qismlar bilan uzluksiz ta’minlash masalalariga alohida urg‘u berdilar. Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari va klasterlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, texnikalardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Muloqot davomida raqamlashtirish jarayonlarini keng joriy etish, texnika monitoringi va boshqaruv tizimlarini zamonaviy yechimlar asosida takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu esa ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli va shaffof sarflanishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Mazkur hamkorlik mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va agrar tarmoqni texnik jihatdan yangilashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
![]()




