Xalqaro hamkorlik yangi bosqichda: zamonaviy texnikalarni lizing asosida yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
AQShning John Deere kompaniyasi hamda EXIM Bank delegatsiyasi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Jamiyat Boshqaruv raisi o’rinbosari A. Nasirdinov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda agrar tarmoqni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlashda “O‘zagrolizing”ning markaziy o‘rni, mavjud lizing mexanizmlarining samaradorligi hamda ularni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi texnikalarini moliyalashtirishning barqaror va uzoq muddatli manbalarini shakllantirishga qaratildi. Xususan, EXIM Bank ishtirokida eksport kreditlari va sug‘urta instrumentlaridan foydalanish, xalqaro moliya institutlari resurslarini jalb etish orqali lizing portfelini kengaytirish masalalari chuqur tahlil qilindi.
Shuningdek, John Deere’ning yuqori unumdor, energiya tejamkor va raqamli boshqaruv tizimlariga ega texnikalarini “O‘zagrolizing” orqali yetkazib berish, ularni hududlar kesimida maqbul taqsimlash hamda texnik parkni tizimli yangilash bo‘yicha aniq yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda lizing jarayonlarini soddalashtirish, mijozlarga yo‘naltirilgan moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish, servis va texnik xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash va bilim almashinuvi tizimini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Tomonlar “O‘zagrolizing” AJning fermer va klasterlarni zamonaviy texnikalar bilan uzluksiz ta’minlashdagi strategik rolini inobatga olgan holda, texnikalarni tezkor yetkazib berish, ularning samarali ishlatilishini ta’minlash hamda lizing shartlarini yanada moslashuvchan qilish bo‘yicha aniq amaliy choralarni kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni institutsional darajada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ularni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
![]()




