G‘uzor tumanida paxta ekish mavsumi boshlandi.
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 2026-yil hosili uchun paxta chigiti ekish ishlari boshlab yuborildi. Joriy mavsumda fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan jami 6000 gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yuqori hosildorlikka erishish maqsad qilingan.
Tumandagi “Qashqadaryo Jingu” MCHJ hamda “Bo‘ston” hududida joylashgan “Hardarbek Takabek” fermer xo‘jaligida “Shinjon” texnologiyasi asosida ekish ishlari start oldi. Mazkur ilg‘or usul agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish va hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy kompaniya ishtirokida tumanda 2300 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Jarayonlarga 30 ga yaqin zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari jalb etilgan bo‘lib, bu ishlarning qisqa muddatda va sifatli bajarilishiga zamin yaratadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali har gektardan 8 tonnagacha paxta hosili olish imkoniyati mavjud. Bu esa nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga ham xizmat qiladi.
![]()




