Korrupsiyaga qarshi kurash – barchamizning ustuvor vazifamiz!
“O‘zagrolizing” AJning Sirdaryo viloyati filialida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga bag‘ishlangan keng qamrovli seminar tashkil etildi.
Tadbirda Jamiyat Ijroiya apparati korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i D.R. Sharopov ma’ruza bilan ishtirok etib, davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni atroflicha yoritib berdi.
Xususan, 2026-yil mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda mutlaqo yangi bosqich bo‘lishi, ushbu yo‘nalishda “favqulodda holat” e’lon qilingani alohida ta’kidlandi. Bu esa barcha davlat organlari va tashkilotlar faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik va shaffoflikni tubdan kuchaytirishni taqozo etadi.
Shuningdek, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, davlat xaridlari jarayonlarida adolat va tenglikni ta’minlash maqsadida kuchli jamoatchilik va institutsional nazorat mexanizmlari joriy etilgani qayd etildi. Endi har bir davlat organida Hisob palatasi vakili, komplayens nazorati hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning mas’uliyati yanada oshirilmoqda.
Seminar doirasida ishtirokchilarga:
✔️ korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish usullari
✔️ komplayens nazoratining ahamiyati va amaliyoti
✔️ manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlari
✔️ davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash prinsiplari
bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, xodimlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi. Bu esa jamoada huquqiy ong va korrupsiyaga qarshi immunitetni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
![]()




