Xalqaro ishonch ifodasi: “O‘zagrolizing” 10 mln yevrolik moliyalashtirishga erishdi.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan John Deere Finance kompaniyasi bilan 10 million yevro miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Mazkur moliyalashtirish jamiyat tarixidagi muhim bosqich bo‘lib, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri, davlat kafolatisiz jalb qilingan ilk xalqaro investitsion kelishuv sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-198-son Qarori ijrosi doirasida amalga oshirilib, unda belgilangan vazifalarga muvofiq, xorijiy moliyaviy resurslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish orqali qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
Jumladan, 2025-yildan boshlab “O‘zagrolizing” AJ hamda John Deere Finance o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini moliyalashtirish bo‘yicha tizimli muzokaralar olib borildi. Muzokaralar natijasida Jamiyat uchun uzoq muddatli moliyalashtirish liniyasi ochish hamda ushbu liniya doirasida 10 million yevro miqdorida resurs ajratish ma’qullandi.
Ajratiladigan mablag‘lar yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan zamonaviy haydov traktorlarini xarid qilishga yo‘naltirilib, ularni lizing asosida fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ayni paytda tomonlar o‘rtasida shartnoma shartlarini yakuniy kelishish hamda imzolash jarayonlari davom etmoqda.
Mazkur kelishuv “O‘zagrolizing” AJning xalqaro moliya bozorlaridagi ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlash bilan birga, mamlakatimiz agrar sohasini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
![]()




