Namangan viloyatida bu yil tajriba tariqasida dala maydonlarida zira yetishtiriladi.

Ushbu g‘oyat foydali hamda jahon bozorida xaridorgir ziravor hozirga qadar asosan boshqa mamlakatlardan keltirilgan yoki faqat tog‘ yonbag‘irlarida yetishtirib kelingan.
Olimlar tomonidan zira ekinini oddiy dala sharoitida ham samarali yetishtirish mumkinligi ilmiy asoslab berildi. Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, mazkur ekinni hududlarda tajriba tariqasida ekish tavsiya etildi. Joriy yilda viloyatda 112 ta fermer xo‘jaligining qariyb 400 gektar maydonida zira ekilishi rejalashtirilgan.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Paxtachilik ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasida ushbu yo‘nalishda viloyat seminari tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Anvarjon Hakimov, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati viloyat filiali direktori Shuxratjon Turg‘unbayev hamda soha mutaxassislari va tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Seminar davomida “O‘zagrolizing” AJ tomonidan qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va resurslardan samarali foydalanish, yangi ekin turlarini joriy etishda texnik ko‘makni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lum qilinishicha, zira urug‘i Shinjоn usulida chigit ekilgan maydonlarga yondosh ekin sifatida joylashtiriladi hamda iyun oyida g‘o‘za qator oralig‘idan hosil yig‘ib olinadi.
Seminar yakunida mutaxassislar tomonidan zira yetishtirishning agrotexnik talablari, ekish va parvarishlash jarayonlari yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Loading

//