“O‘zagrolizing” AJ Fransiyaning KUHN SAS kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytiradi.
Fransiyaning KUHN SAS kompaniyasi vakillari bilan “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda kompaniyaning mintaqaviy savdo menejeri Viktor Kondrachuk ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida qishloq xo‘jaligi sohasini zamonaviy texnika bilan ta’minlash, lizing xizmatlari orqali ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda fermer xo‘jaliklariga qulay moliyaviy yechimlar taklif etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, yuqori unumdor va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini respublikamizga yetkazib berish, ularni lizing asosida fermer va klaster xo‘jaliklariga taqdim etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, texnikalarni yetkazib berish bilan bir qatorda servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Fermerlar uchun eng maqbul va samarali texnikalarni tanlash, ularning ehtiyojidan kelib chiqib individual yechimlar ishlab chiqish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi. Bu orqali hududlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va hosildorlikni oshirishga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni izchil davom ettirish va aniq loyihalar asosida uni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
![]()




